Messi “Barselona”ga qaytishi mumkinligi haqida gaplar tarqaldi
“Barselona” prezidenti Xuan Laporta ushbu masalaga izoh berib oʻtdi.

“Barselona” prezidenti Xuan Laporta Lionel Messining yanvarda klubga ijaraga qaytish ehtimoli haqidagi savollarga javob berdi. Bu mish-mishlar argentinalik yulduzning yangi stadionga toʻsatdan tashrifi va ijtimoiy tarmoqlarda suratlar ulashganidan soʻng paydo boʻldi. Messi soʻnggi intervyusida ham “Barselona”ni sogʻinayotganini aytgan.
“Messiga, oʻyinchilarimizga va aʼzolarimizga hurmat sifatida bu kabi noaniq holatlar haqida taxmin qilish vaqti emas. Messining kutilmagan tashrifi haqida eshitmadim, “Kamp Nou” — bu uning uyi. U shunchaki doʻstlari bilan kechki ovqatdan keyin kirib oʻtmoqchi boʻlgan”, degan Laporta.
“Barselona” stadion rekonstruksiyasi yakunlangach, Messiga katta hurmat bajo keltirishni rejalashtirmoqda. 2021 yilda klub moliyaviy muammolar tufayli u bilan shartnomani uzaytira olmagani sababli, Messi muxlislar bilan munosib xayrlasha olmagan edi.
Hozirda 38 yoshli Messi “Inter Mayami” bilan 2028 yilgacha shartnoma imzolagan, biroq u kelajakda oilasi bilan “Barselona”ga qaytishni istashini aytgan. Ayrim manbalarga koʻra, u yanvarda qisqa muddatli ijaraga qaytib, jahon chempionatiga tayyorgarlik sifatida oʻyin amaliyotini saqlab qolishi mumkin.
U “Kamp Nou”ga yashirin tashrifidan avval Sport nashriga bergan intervyusida shunday degan edi:
“Biz “Barselona”ni juda sogʻindik. Bolalarim ham, turmush oʻrtogʻim ham doimo Barselona haqida gapiradi, u yerda yana yashash gʻoyasini tilga olishadi. Uyimiz, hamma narsamiz oʻsha yerda, demak, bu biz xohlagan narsa. Stadion qurilishi tugagach, u yerga qaytishni intiqlik bilan kutyapman, chunki Parijga ketganimdan beri “Kamp Nou”ga qaytmaganman. Yangi stadionni koʻrish hayajonli boʻldi — oʻtmishni eslab, oʻsha his-tuygʻularni yana boshdan kechirish uchun. Har doimgidek mehr va eʼtibor uchun minnatdorman”, degan Leo.
Maʼlumot oʻrnida, Lionel Messi 2025 yilgi MLS mavsumida 29 ta gol urdi va 19 ta golli uzatmaga muallif boʻldi.