Jizzaxda tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi ushlandi
U tadbirkorga xususiy maktab qurish uchun loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish uchun 6 mln soʻm soʻragan.

Jizzaxda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi pora bilan ushlandi.
Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi xizmat mavqeini suiisteʼmol qilib, joriy yilning sentabr oyida mahalliy tadbirkor tomonidan qurilishi rejalashtirilgan koʻp qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlab berib, evaziga 200 AQSh dollari oladi.
Keyinroq tadbirkor aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida ushbu koʻp qavatli uyga yaqin joyda xususiy maktab qurish uchun loyiha hujjatlarini tasdiqlab berishini soʻrab, yana mazkur mansabdor shaxsga murojaat qiladi.
Bu safar esa u 6 mln soʻm talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi ushbu pul mablagʻini oʻzining turmush oʻrtogʻi orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi (pora olish) 2-qismi “a”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Mazkur moddaning ushbu bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Avvalroq Samarqandda 300 ming dollarga yer sotmoqchi boʻlgan fermer ushlangandi.
U hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali 3 gektar yerni issiqxona tashkil etmoqchi boʻlgan shaxsga rasmiylashtirib bermoqchi boʻlgan.