Tilshunos olim Baxtiyor Isabek vafot etdi
U “Sulton Rabot”, “Erk yoʻlida”, “Turkologiyaga kirish”, “Qiziqarli ona tili”, “Oʻgʻuznoma”, “Yassaviy hikmatlari lugʻati” kabi oʻnlab asarlar muallifidir.

Adabiyotshunos, turkolog olim, filologiya fanlari nomzodi
Baxtiyor Isabek
vafot etdi. Bu haqda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi maʼlum qildi.
Baxtiyor Isabek 1945 yilda Qozogʻiston Respublikasining Chimkent viloyatida tugʻilgan. 1961-1966 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi pedagogika universiteti) tarix-filologiya fakultetini tamomlagan.
Uning ilk kitobi 1984 yilda Iristoy Qoʻchqortoyev bilan hamkorlikda yozilgan va nashr etilgan “Turkiy filologiyaga kirish” qoʻllanmasidir.
1995 yilda “Sayram” risolasini, 2006 yilda esa Qozogʻistondagi oʻzbek maktablarining 10-sinfi uchun “Oʻzbek tili” darsligini yozgan. Shuningdek, “Sulton Rabot”, “Erk yoʻlida”, “Turkologiyaga kirish”, “Qiziqarli ona tili”, “Oʻgʻuznoma”, “Yassaviy hikmatlari lugʻati” kabi oʻnlab asarlar muallifi va “Yassaviy nasabnomasi va Amir Temur” kitobiga soʻzboshi yozgan.
Bundan tashqari, Turkiston va Markaziy Osiyo boʻyicha tarixchi va sharqshunos olim Boymirza Hayitning “Turkiston Rossiya va Xitoy oraligʻida”, Fuod Koʻpruluning “Turk adabiyotida ilk mutasavviflar”, Lev Gumilyovning “Qadimgi turklar” asarlarini hamda qozoq yozuvchisi Oʻljas Sulaymonovning “Az i Ya” kitobini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
