Markaziy Osiyo: mintaqa muammolarni qanday yengadi?
Besh respublika joylashgan hudud dunyodagi eng yosh mintaqalardan biri: aholining oʻrtacha yoshi 26-27 yosh atrofida, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar ulushi esa aholining taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi.

Bugungi kunda BMTning 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish va uning 17 ta global maqsadiga erishish — faqat bir davlatning emas, balki butun insoniyatning umumiy vazifasiga aylandi.
Ekspertlarning fikricha, bu yoʻldagi muvaffaqiyat — davlatlar oʻrtasidagi muvofiqlashtirilgan harakat, barqaror hamkorlik va mintaqaviy hamjihatlikka bogʻliq.
Markaziy Osiyo mamlakatlari — Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston uchun bu ayniqsa dolzarb. Chunki ularni bir qator oʻxshash masalalar birlashtiradi: yer degradatsiyasi, suv tanqisligi, iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq xavflar, raqamli tengsizlik va yoshlarni ish bilan taʼminlash muammosi.
Bunday qiyin masalalarni har bir davlat yakka holda hal eta olmaydi. Faqat birgalikdagi harakatlar, tajriba va resurslarni birlashtirish orqali barqaror natijaga erishish va umumiy taraqqiyotga kuchli turtki berish mumkin.
Mintaqaviy hamkorlik maydonlari va tajriba almashish jarayonlari bugungi kunda davlatlar uchun birgalikda ilgarilashning eng muhim vositasiga aylanmoqda. Bugun tobora koʻproq muhokama qilinayotgan gʻoyalardan biri — Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha Mintaqaviy markazni tashkil etish va rivojlantirishdir
Bu shunday maydon boʻladiki, unda mamlakatlar bir-biri bilan raqobatlashmaydi, aksincha oʻz resurslari va tajribalarini birlashtiradi. Shunday markaz sifatida yaqinda Olmaotada tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Afgʻoniston uchun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha mintaqaviy markaz misol boʻla oladi.
Bu — BMT va Qozogʻiston hukumatining qoʻshma tashabbusi boʻlib, u bilimlarni birlashtirish, harakatlarni muvofiqlashtirish hamda barqaror rivojlanishga investitsiyalarni jalb etish uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda. Markaz mamlakatlarga texnik yordam koʻrsatish, maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish, tajriba almashish hamda mintaqaning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish bilan shugʻullanadi. Aslida, u mamlakatlar, biznes va xalqaro institutlar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, u Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan holda harakat qilishga tayyor ekanligining ramzi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Bugun mintaqaning har bir mamlakati oldinga qadam tashlamoqda. Sustainable Development Solutions Network ning 2025 yilgi hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston barqaror rivojlanish indeksi boʻyicha 73,1 ball bilan 167 mamlakat orasida 62-oʻrinni egalladi - bu mintaqadagi eng yaxshi koʻrsatkichlardan biridir. Mamlakatda raqamlashtirish, taʼlim, ijtimoiy himoya va ekologiya sohalarida yangi yondashuvlar faol joriy etilmoqda. Qozogʻiston 70-oʻrinda (71,52 ball) boʻlib, milliy strategiyalarni rivojlantirish va rejalashtirish tizimini modernizatsiya qilish orqali oʻz mavqeini mustahkamlashda davom etmoqda. Qirgʻiziston 47-oʻrinni (74,5 ball) egallab, ijtimoiy yoʻnalishlar boʻyicha yaxshi natijalarni koʻrsatmoqda. Tojikiston - 88-oʻrin (68,3 ball), bu yerda asosiy muammo ekologiya va energetika boʻlib qolmoqda. Turkmaniston kamroq maʼlumotlarni eʼlon qiladi, ammo suvdan samarali foydalanish va yashil energiya dasturlarini amalga oshirmoqda.
Shu bilan birga, mintaqa jiddiy ekologik muammolarga duch kelmoqda. BMTning 2025 yilgi ESCAP hisobotida qayd etilishicha, Markaziy Osiyo tabiiy resurslar bilan bogʻliq bir qator maqsadlarda ortda qolmoqda: yer degradatsiyasi va toza suv tanqisligi tizimli muammo boʻlib qolmoqda.
ESCAP maʼlumotlariga koʻra, mintaqada bir qator atrof-muhitni muhofaza qilish koʻrsatkichlari, shu jumladan yerlarning degradatsiyasi boʻyicha regressiya kuzatilmoqda, bu esa BMT kun tartibining 6- va 15-maqsadlariga erishish boʻyicha tezkor chora-tadbirlarni talab qiladi va YuNESKO va Atlantika kengashi maʼlumotlariga koʻra, suv stressi mintaqaning 80 milliondan ortiq aholisiga taʼsir qiladi. Oqimning katta qismi isteʼmolchi mamlakatlardan tashqarida shakllanadi: taxminan 86% i daryolarning yuqori qismida (Qirgʻiziston va Tojikiston), Amudaryo va Sirdaryo havzalari esa mintaqadagi daryo suvlarining 90% gacha boʻlgan qismini taʼminlaydi. Bu oʻzaro bogʻliqlikni keltirib chiqaradi: Qirgʻiziston va Tojikiston daryolarning yuqori qismida joylashgan, Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Turkmanistonda esa sugʻorish tizimi va sanoat daryo suviga bogʻliq. Kanallar va drenajlar eskirganligi sababli sugʻorish tizimlarida suv isrofi 30-40% gacha (ayrim hududlarda 50% gacha) boʻladi. Soʻnggi yillardagi iqlim oʻzgarishi va qurgʻoqchilik qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga taʼsirini kuchaytirib, vaziyatni yanada ogʻirlashtirmoqda.
Biroq suv masalasi nizo manbai emas, balki hamkorlikka turtki boʻlishi mumkin. Suv resurslarini muvofiqlashtirish boʻyicha davlatlararo komissiya, SPECA mintaqaviy loyihalari va suv, energiya va iqlim maʼlumotlarini birlashtirish boʻyicha ESCAP dasturi kabi mexanizmlar anchadan beri mavjud. Umumiy mintaqaviy suv platformasini yaratish va raqamli tahlil vositalarini joriy etish mamlakatlarga qoʻshma yechimlar ishlab chiqish va resurslarni taqsimlashni rejalashtirishga yordam beradi. Bu yoʻnalishda maʼlumotlar almashinuvini taʼminlash, geoaxborot tizimlarini rivojlantirish, suv va yer resurslarini boshqarishda innovatsiyalarni joriy etish orqali Olmaotadagi BRM mintaqaviy markazi asosiy rol oʻynashi mumkin.
Suv mavzusidan tashqari, raqamlashtirish ham muhim ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqalardan biri boʻlib qolmoqda: aholining oʻrtacha yoshi 26-27 yosh atrofida, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar ulushi esa aholining taxminan uchdan bir qismini tashkil etadi. Umuman olganda, mintaqa aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil etadi. Bu salohiyatni innovatsiyalar, masofaviy taʼlim, teletibbiyot va "aqlli" shaharlarni rivojlantirishga yoʻnaltirish mumkin. Toshkent, Ostona, Bishkek yoki Dushanbedagi qoʻshma AKT tashabbuslari va startap markazlari iqtisodiyotni mustahkamlash va tashqi taʼsirlarga chidamlilikni oshirishga qodir. Yashil texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiyaga oʻtish tobora koʻproq muhokama qilinmoqda. Markaziy Osiyo quyosh va shamol stansiyalariga faol sarmoya kiritmoqda, energiya tejash va aylanma iqtisodiyot loyihalarini rivojlantirmoqda. Bularning barchasi mintaqaning suv va iqlim barqarorligi bilan bevosita bogʻliq.
Biznes ham Barqaror rivojlanish kun tartibiga bosqichma-bosqich kiritilmoqda. 2025 yilda Qozogʻistonda 140 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan UN Global Compact Central Asia tarmogʻi ishga tushirildi. Bu xususiy sektorning masʼuliyatli investitsiyalar va ESG yondashuvlariga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Ekologiya, raqamlashtirish va "yashil" energetika sohalarida davlat va biznesning qoʻshma tashabbuslari tobora koʻproq amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy oʻlchov - yoshlar va xotin-qizlarning ishtiroki ham transformatsiyaning muhim qismiga aylanmoqda. Mintaqa mamlakatlarida yetakchilik maktablari, mentorlik dasturlari, grant tanlovlari va mintaqaviy forumlar mavjud boʻlib, ularda raqamli koʻnikmalar, tadbirkorlik va iqlim yechimlari mavzulari muhokama qilinadi. Bu tashabbuslar soʻzda emas, amalda barqaror taraqqiyotni ilgari surishga qodir boʻlgan mutaxassislarning yangi avlodini yaratadi.
Ijobiy siljishlarga qaramay, jiddiy toʻsiqlar saqlanib qolmoqda. Statistika va institutsional yondashuvlardagi farqlar yagona monitoring tizimini shakllantirishga toʻsqinlik qilmoqda. Moliyalashtirish hali ham cheklangan va iqlim bilan bogʻliq xatarlar kuchaymoqda. Geosiyosiy ziddiyatlar ham saqlanib qolmoqda: mintaqa mamlakatlari koʻpincha ichki manfaatlar va jamoaviy harakatlarga boʻlgan ehtiyoj oʻrtasida muvozanatni saqlashga majbur boʻlmoqda. Ammo asosiy qiyinchilik resurslarning yetishmasligida emas, balki muvofiqlashtirish va ishonchning yetishmasligida.
2030 yilgacha boʻlgan istiqbollar optimistik boʻlib qolmoqda. Agar Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va innovatsiyalarni joriy etishda davom etsa, mintaqa dunyoning boshqa qismlari uchun barqaror rivojlanish namunasiga aylanishi mumkin. Yaqin yillarda suv va iqlim modullarini oʻz ichiga olgan BRM boʻyicha umumiy maʼlumotlar platformasini yaratish mumkin. Suv yoʻqotishlarini uchdan bir qismga qisqartirishga erishiladi, "yashil" iqtisodiyot va raqamlashtirish sohalarida qoʻshma loyihalar soni sezilarli darajada oshadi. Yoshlar va xotin-qizlarning boshqaruvdagi ishtiroki ijtimoiy barqarorlikni, biznes bilan hamkorlik esa moliyaviy barqarorlikni taʼminlaydi.
Markaziy Osiyo iqlim xavfi zonasidan imkoniyatlar mintaqasiga aylanish salohiyatiga ega. BRM doirasidagi hamkorlikni kengaytirish nafaqat global kun tartibiga javob beradi, balki mamlakatlarning oʻz strategik manfaatlarini ham aks ettiradi: iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy barqarorlik va ekologik xavfsizlik. Olmaotada BRM mintaqaviy markazining tashkil etilishi bu yoʻldagi muhim qadam boʻldi. Agar mintaqa saʼy-harakatlarni birlashtirishga va hamkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarishga muvaffaq boʻlsa, u murakkab iqlim sharoitida Yevropa va Osiyo chorrahasida oʻz kuchi bilan barqaror kelajakni qanday qurish mumkinligi boʻyicha namuna boʻla oladi.
Yulduz Abdugʻaniyeva, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti bosh mutaxassisi.
