“Jadidlar izidan” respublika tanlovi davom etmoqda
Intellektual bellashuv ikki sinf toifasida (6-7-8-sinf va 9-10-sinf) oʻtkazib kelinmoqda.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan bu yil ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan “Jadidlar izidan” respublika tanlovi 656 ming nafardan ortiq oʻquvchilarni qamrab olgan yirik loyihalardan biriga aylanmoqda.
Tanlov orqali oʻquvchilar buyuk jadid alloma, adib va mutafakkirlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganmoqda, ularning kitobxonlik madaniyati oshmoqda, shuningdek, mustaqil va tanqidiy fikrlash koʻnikmalari shakllantirmoqda.
Intellektual bellashuv ikki sinf toifasida (6-7-8-sinf va 9-10-sinf) oʻtkazib kelinmoqda.
10-22 noyabr kunlari tanlovning hududiy bosqichlari boʻlib oʻtadi. Unda tuman-shahar bosqichlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 416 nafar ishtirokchi oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishadi. Mazkur bosqichda ishtirokchilar jadidlar faoliyati, ijodi va asarlariga oid “Boshqotirma”, “Asar tahlili” va “Insho” shartlari asosida saralab olinadi. Har ikkala sinf toifasi boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan 1 nafardan oʻquvchi respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.
Tanlovning respublika bosqichida har bir sinf toifasi boʻyicha eng yuqori ball toʻplagan 7 nafardan (I, II, III oʻrin gʻoliblari hamda eng yuqori ball toʻplagan 4 nafar) jami 14 nafar ishtirokchilar xorijiy davlatga taʼlim sayohatiga yuboriladi.
Ushbu tanlovning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, hududiy va respublika bosqichlari telekoʻrsatuv shaklida toʻliq yozib olinadi. Bundan tashqari, bir hududdan namunaviy tarzda tuman-shahar bosqichidan 10 daqiqalik maxsus koʻrsatuvlar tayyorlandi. Ushbu maxsus tayyorlangan koʻrsatuvlar “Oʻzbekiston 24” telekanali orqali namoyish etiladi hamda tanlovning YouTube sahifasiga joylashtirib boriladi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yilgi tanlov gʻoliblari Germaniyaga taʼlim sayohatiga yuborilgandi. Oʻquvchilarning tanlovga tayyorgaligini oshirish va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida esa har bir maktabda “Jadidlar izidan” klublari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
