platina.uz
Jamiyat

Tibbiyot sohasidagi rahbarlarga 30 million soʻmdan mukofot berilishi mumkin

Ular tuman va viloyat darajasida kasalliklarning oldini olish va samarali davolash boʻyicha yangiliklar olib kirgan, bemorlarni hududning oʻzida davolay olgan, dori berishni tartibga keltirgan va boshqa yutuqlarga erishgan boʻlishi kerak. 

Tibbiyot sohasidagi rahbarlarga 30 million soʻmdan mukofot berilishi mumkin

Tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan, integratsiyalashgan tizim joriy qilinishi belgilandi.

Ular hududidagi kasalliklarning turi va dinamikasiga qarab, markazlarga buyurtma beradi. Bunda nafaqat davolash usullari, balki kasalliklarning oldini olish, shifokorlarning malakasini oshirish kabi aniq masalalarni qoʻyadi.

Yangi yildan aniq mezonlarni belgilab, 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sogʻliqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlarini lavozimga qoʻyishda yangi tartib joriy qilinadi.

Bunda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka oʻqigan, yaxshi natijalar koʻrsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.

Rahbarlarni ragʻbatlantirish tizimi ham oʻzgartiriladi.

Tuman va viloyat darajasida kasalliklarning oldini olish va samarali davolash boʻyicha yangiliklar olib kirgan, bemorlarni hududning oʻzida davolay olgan, dori berishni tartibga keltirgan, shifoxonasiga yaxshi kadrlarni jamlab, ularni muntazam oʻqitib borayotgan, sogʻlom muhit va sifatli servisni yoʻlga qoʻygan, raqamlashtirishni toʻliq yakunlagan eng zoʻr viloyat, tuman sogʻliqni saqlash boʻlimlari, oilaviy poliklinika mudirlariga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, orden va medallar, 30 million soʻmdan pul mukofoti beriladi.

Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 million soʻmdan ajratiladi.

Har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sogʻliqni saqlash boʻlimi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka oʻqitish uchun yuboriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid