Sirdaryoda er-xotin tashkil qilgan narkolaboratoriya fosh etildi
Ogʻufurushlar MDH boʻylab internet tarmogʻida sintetik narkotiklar sotish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh tomonidan xorijdan yuborilgan xom-ashyolardan foydalanib, giyohvandlik vositalari tayyorlashgan.

Sirdaryo viloyatida narkolaboratoriya, Namangan viloyatida narkosavdogarlar faoliyatiga chek qoʻyildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida Sirdaryo viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirda narkolaboratoriya fosh etildi.
Xususan, Guliston shahrida yashovchi, 1995 y.t. shaxs va uning 1996 y.t. turmush oʻrtogʻi hozirda Guliston shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan fuqaro bilan kelishgan holda, uning xonadonida sintetik narkotik moddalar tayyorlab, “zakladka” tarzida mijozlarga yetkazib berish bilan shugʻullanishgan.
Ushbu narkolaboratoriyadan 4 kg 373 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, mikser, protivogaz, zip-paket va qadoqlashda ishlatiladigan boshqa buyumlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Aniqlanishicha, ogʻufurushlar MDH davlatlari boʻylab internet tarmogʻida sintetik narkotiklar sotish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh tomonidan xorijdan yuborilgan xom-ashyolardan foydalanib, giyohvandlik vositalari tayyorlashgan.
Hozirda mazkur 3 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qoʻshinlari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Uchqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1975 y.t. shaxs “oʻzbek-qirgʻiz” davlat chegarasining Uychi tumani “Yangiyer” MFY hududidan oʻtuvchi qismi orqali Qirgʻiz Respublikasidan mamlakatimizga qonunga xilof ravishda kirib kelgan vaqtida toʻxtatib qolindi.
Mazkur shaxs tekshirilganida, uning yonida boʻlgan sumka ichida 9 kg 702 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 223-moddasi 1-qismi va 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Boshqa holatda esa Namangan shahrida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali Yangiqoʻrgʻon tumani hududiga kontrabanda qilingan, taxminiy qiymati 3,2 mlrd soʻmdan ortiq boʻlgan, 24122 dona “Regapen” va 4880 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari hamda 45 turdagi jami 61287 dona kontrafakt dorilarni qabul qilib olib, ketmoqchi boʻlgan vaqtida qoʻlga olindi.
Shundan soʻng, ushbu dori vositalarini buyurtma qilgan shaxslar va kurʼerlarni aniqlash yuzasidan tezkor tadbir davom ettirildi.
Natijada, Namangan shahri va Kosonsoy tumanida yashovchi 5 nafar fuqaro aniqlanib, ular xaqiqatdan ham kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari va kontrafakt dorilarni Toshkent shahri hamda Fargʻona vodiysi viloyatlarida sotish bilan shugʻullanishlari maʼlum boʻldi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Urgut tumanida hokim yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani xabar berilgandi.