Prezidentning AQShga tashrifida 10ga yaqin muhim kelishuvlarga erishildi
Ular orasida qiymati 8,5 milliard dollarga teng jami 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotini xarid qilish, AQSh energetika kompaniyalaridan kichik modulli atom reaktorlarini sotib olish va boshqalar bor.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi doirasida oʻnga yaqin bitimlarga erishilgan. Bu haqda AQSh Davlat departamenti maʼlumot berdi. Jumladan:
1.Birgalikda aniqlangan nodir metall konlarini oʻzlashtirish huquqini birinchi navbatda AQSh kompaniyalariga taklif etish boʻyicha kelishuv.
2. Nodir metallarni qazib olish va yetkazib berish taʼminot zanjirini mustahkamlash uchun 400 million dollargacha AQSh va Oʻzbekiston tomonidan birgalikda sarmoya kiritish boʻyicha kelishuv.
3. Oʻzbekiston AQSh energetika kompaniyalaridan kichik modulli atom reaktorlarini sotib olishi boʻyicha kelishuv.
4. Oʻzbekiston AQShdan umumiy qiymati 8,5 milliard dollarga teng jami 22 ta Boeing 787 Dreamliner samolyotini xarid qilishi boʻyicha shartnomalar.
5. Oʻzbekiston AQShdan 2 milliard AQSh dollarigacha boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini import qilishi boʻyicha kelishuv.
6. Oʻzbekiston AQShdan keyingi uch yil ichida 2 million tonna soya va 100 ming tonna paxta xarid qilishi boʻyicha kelishuv.
7. Oʻzbekiston AQShdan keyingi uch yil ichida 5 milliard AQSh dollari miqdorida avtomobil ehtiyot qismlarini import qilishi hamda "UzAuto Motors" kompaniyasini xususiylashtirish jarayoniga amerikalik hamkorlarni taklif qilish boʻyicha kelishuv.
8. "Air Products" kompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonda qiymati 3 milliard AQSh dollariga teng metanol ishlab chiqarish zavodini qurish boʻyicha bitim.
9. Har ikki davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari xalqaro jinoyatchilik tarmoqlariga qarshi kurashda maʼlumot almashishi boʻyicha kelishuv.
AQSh Prezidenti Donald Trampning daʼvo qilishicha, keyingi oʻn yilda Oʻzbekistonning AQShGA kiritadigan sarmoyasi miqdori 100 milliard dollardan oshadi.
Eslatib oʻtamiz, uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidentini Oʻzbekistonga taklif qilgan.
Trampning mintaqaviy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish borasida qoʻshayotgan shaxsiy hissasi alohida qayd etilgan.