platina.uz
Jamiyat

Oliy maʼlumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi

Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027 yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi. 

Oliy maʼlumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi

Bundan buyon tibbiy taʼlim sifatini baholash boʻyicha uch bosqichli tizimga oʻtilishi belgilandi.

Tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar boʻyicha bilimi baholanadi. Rezidenturani tugatgan shifokorlar esa ixtisosligi boʻyicha imtihondan oʻtkaziladi. Shundan keyin mutaxassis davlat roʻyxatidan oʻtadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.

Koʻp vaqtini bemor oldida oʻtkazadigan ham, muolajalarni bajaradigan ham – hamshiralar.

Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga koʻmakchi boʻladigan hamshiralarni tayyorlashga oʻtish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga oʻtkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi.

Akademiya AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar oliygohlari bilan birga kelasi yildan oliy maʼlumotli hamshira tayyorlashni boshlaydi.

Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yoʻnalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027 yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi.

Bundan maqsad – yaqin yillarda oliy maʼlumotli hamshiralarning ulushini 10 foizga yetkazish.

Oliy maʼlumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan bunday hamshiralarning mehnati munosib ragʻbatlantiriladi. Kelgusi yildan oliy maʼlumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.

Ayni paytda oʻrta maʼlumotli hamshiralarni tayyorlash tizimi ham oʻzgartiriladi.

Bu borada Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralarni tayyorlash boshlandi. Buning davomi sifatida Germaniya, Shveytsariya, AQSh kabi davlatlarning taʼlim dasturlari olib kiriladi.

Shular orqali xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralarning korpusi shakllantiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid