Markaziy bank 18 ta bankni jarimaga tortdi
Ularning orasida Agrobank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Ipoteka-bank kabi nufuzli banklar bor.

Markaziy bank rasmiy saytini davlat tilida yuritish va boshqa muhim maʼlumotlar bilan taʼminlashda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun 18 ta bankka 102 mln soʻmdan jarima soldi.
Sentabr-oktabr oylarida tijorat banklarining rasmiy veb-saytlari monitoringdan oʻtkazilgan. Monitoringning asosiy maqsadi – moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari uchun axborotlar oshkor etilishi boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etilishini hamda foydalanuvchilarning toʻliq va ishonchli maʼlumot olish huquqi taʼminlanishni tekshirishdan iborat boʻlgan.
Monitoring natijasida qator kamchiliklar va qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Jumladan, "Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida"gi qonun talablariga rioya etilmasdan ayrim banklarning veb-saytlarida maʼlumotlar davlat tilida joylashtirilmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, axborotlarni oshkor etish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etilmagan holda ayrim banklarning veb-saytlarida kredit taʼminotiga qabul qilingan garov mulklarini kreditning asosiy qarzi qoldigʻiga mutanosib ravishda bosqichma-bosqich garovdan chiqarish tartibi joylashtirilmagan.
Xususan, Agrobank, Anor bank, Hayot bank, Universal bank, Garant bank, Asakabank, Turonbank, Infinbank, Mikrokreditbank, Trastbank, Madad Invest bank, Soderot bank, Oriyent Finans bank, Ipoteka-bank, Tenge bank, Ziraat bank, AVO bank va Open bank kabi banklarning rasmiy veb-saytlarida yuqorida qayd etilgan tartib joylashtirilmagan.
Monitoring yakunlariga koʻra, Markaziy bank tomonidan qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan banklarning har biriga 102 mln soʻmdan jarima chorasi qoʻllanilgan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, rasmiy veb-saytlardagi maʼlumotlarni qonunchilik talablariga toʻliq moslashtirish boʻyicha koʻrsatmalar yuborilgan.