platina.uz
Jahon

Janubiy Koreya sobiq prezidenti oʻlimga hukm etilishi mumkin

Mamlakat bosh prokurori sobiq rahbar Yun Sok Yolga yangi ayblov qoʻydi. U “dushmanga yordam berganlik”da ayblandi. 

Janubiy Koreya sobiq prezidenti oʻlimga hukm etilishi mumkin

Janubiy Koreyaning hokimiyatdan chetlatilgan sobiq prezidenti Yun Sok Yolga yangi ayblov qoʻyildi. U “dushmanga yordam berganlik”da ayblanmoqda. Bu haqda Yonhap xabar berdi.

Agar Yun aybdor deb topilsa, oʻlim jazosiga hukm etilishi mumkin.

Janubiy Koreyaning bosh prokurori sobiq prezident Yun Sok Yol joriy qilgan muddatli harbiy holat bilan bogʻliq yangi ayblovlar boʻyicha uni sudga tortdi.

Ayblovlar orasida “dushman davlatga yordam koʻrsatish” ham bor. Prokuratura yil boshida maxsus tergov boshlagan va Yun Shimoliy Koreya ustidan dronlar uchirishni buyurib, Pxenyanni qoʻzgʻatishga va shu yoʻl bilan harbiy holat eʼlon qilishga asos yaratmoqchi boʻlganmi, yoʻqmi — shuni aniqlashtirishni rejalashtirgan.

Maxsus tergov prokurori Pak Ji-Yongning aytishicha, tergov guruhi Yunni dushman foydasiga harakat qilganlik hamda mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlikda ayblagan.

Pakning soʻzlariga koʻra, Yun va uning atrofidagi shaxslar favqulodda harbiy holat eʼlon qilish imkonini beradigan sharoitlarni yaratish uchun til biriktirishgan, bu esa ikki Koreya oʻrtasida qurolli toʻqnashuv xavfini oshirgan va mamlakatning harbiy manfaatlariga zarar yetkazgan.

Prokuror, shuningdek, oʻtgan yil oktabrida Yunning sobiq qarshi razvedka qoʻmondoniga tegishli yozuvda mamlakatda beqaror vaziyat yaratish haqida yozishmalar topilganini, bu esa muhim dalil boʻlib xizmat qilganini qoʻshimcha qildi.

Yun aprel oyida Konstitutsiyaviy sud tomonidan lavozimdan chetlatilgan va uning qisqa muddatli harbiy qaror joriy etish boʻyicha qoʻzgʻatilgan ayblovlar boʻyicha sud jarayoni davom etmoqda.

Sobiq rahbar esa har doim ayblovning aksini taʼkidlab keladi. U harbiy qonun eʼlon qilish orqali muxolifat partiyalarining qonunbuzarliklari haqida ogohlantirish berishni va “davlatga qarshi” elementlardan demokratiyani himoya qilishni maqsad qilganini bildiradi.

Seul va Pxenyang oʻrtasidagi 1950–1953 yillardagi Koreya urushi sulh bilan tugagan boʻlsada, mamlakatlar urush holatida qolmoqda. Chunki ikki oʻrtada tinchlik shartnomasi imzolanmagan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid