platina.uz
Jamiyat

Aholi daromadining asosiy qismi dori-darmonga sarflanmoqda: Prezident tibbiyotdagi muammolarni koʻtardi

Oxirgi besh yilda oshqozon kasalliklari qisqargan boʻlsa-da, Qashqadaryo va Navoiyda deyarli oʻzgarish boʻlmagan. Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Fargʻona va Andijonda buyrak kasalliklari koʻrsatkichi yuqori. 

Aholi daromadining asosiy qismi dori-darmonga sarflanmoqda: Prezident tibbiyotdagi muammolarni koʻtardi

Prezident tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuv oʻtkazmoqda.

Ushbu yigʻilish xalqimiz uchun ham, tibbiyot sohasi va uning vakillari uchun ham foydali boʻlishi kerakligini koʻrsatib oʻtdi. Shu bois, yechimini kutayotgan masalalarni ochiq-oydin gaplashib olishni taklif etdi.

Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda. Lekin aholi daromadining katta qismini aslida dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi.

“Ixtisoslashgan markazlarga soʻnggi besh yilda 7,5 trillion soʻm mablagʻ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi? Mana shu mablagʻlar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yoʻgʻi 25 foiz foydalanilyapti”,
– dedi Prezident.

Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilgʻor diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish boʻyicha ishlamagan markaz, tuman, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarma va boʻlimlarining kelajagi yoʻqligi qayd etildi.

Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik koʻpaygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish hamda samarali davolash boʻyicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilishi, katta-katta mablagʻ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz bu ishlarning ahvolini aniq misollar asosida tahlil qildi.

Misol uchun, oxirgi besh yilda oshqozon kasalliklari 1,5 barobar qisqargan boʻlsa-da, Qashqadaryo va Navoiyda deyarli oʻzgarish boʻlmagan. Yakkabogʻda shifokorlarga boʻlgan murojaatlarning 33 foizi, Gʻuzorda 29 foizi, Koson va Mirishkorda esa 25 foizi oshqozon-ichak kasalliklari bilan bogʻliq.

Shifokorlarimiz aholiga, ayniqsa, bolalarga haligacha antibiotiklarni pala-partish qoʻllab kelayotgani tanqid qilindi. Tumanlarga tushib, shifoxona va poliklinikadagi vrachlarga qaysi dori mumkin, qaysi biri mumkin emasligini oʻrgatish ishlari sust.

Boshqa bir misol, buyrak kasalliklarining ulushi Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Fargʻona va Andijonda respublika koʻrsatkichidan 40-50 foizga yuqori.

Mazkur hududlarda bu kasalliklar yillar davomida kamaymasdan kelayotgani Urologiya markazi va Nefrologiya markazi rahbariyatini xavotirga solishi, ular pastga tushib, buyrak kasalliklarining oldini olishni oʻrgatishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Qarshi shahri, Angor va Boʻston tumanlarida yurak-qon tomir kasalliklari yuqori boʻlishiga qaramasdan, Kardiologiya markazi bu borada aniq chora-tadbir belgilamagan. Bu markazga uch yil oldin 5 million dollarga olib berilgan zamonaviy laboratoriya va simulyatsiya uskunalari bir kun ham ishlatilmagani qayd etildi.

Endokrin kasalliklarning dorisi uchun har yili 100 milliard soʻm ajratilmoqda. Lekin qalqonsimon bez kasalligi Qoraqalpogʻiston, Samarqand, Surxondaryo va Jizzaxda yuqoriligicha qolmoqda.

Endokrinologiya markazi xizmatlarning narxini bir yilda 35 foizga oshirgan, lekin kasalliklarning profilaktikasini oʻylagani yoʻq.

Bugun xususiy klinikalar davlat shifoxonalari bilan tengma-teng turib, ayrim yuqori texnologik xizmatlar boʻyicha oldinga ham oʻtib ketgani taʼkidlandi.

Masalan, jarrohlikda robot texnologiyalari ham birinchilardan boʻlib xususiy sektorda qoʻllandi. Lekin Neyroxirurgiya, Xirurgiya markazlarining esa robot yordamidagi operatsiyalarni qachon yoʻlga qoʻyish boʻyicha rejasi yoʻq.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid