Suriya yetakchisi Ahmad ash-Sharaa AQShga rasmiy tashrif bilan bordi
Bu tashrif AQSh uning “Global miqyosdagi terrorchi” maqomini bekor qilganidan atigi ikki kun oʻtib amalga oshdi.

Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa AQShga rasmiy tashrif bilan bordi.
Bu tashrif AQSh uning “Global miqyosdagi terrorchi” maqomini bekor qilganidan atigi ikki kun oʻtib amalga oshdi.
Bu uchrashuv uning isyonchi ittifoqi Bashar Asadni agʻdarib, hokimiyatni qoʻlga olganiga 11 oy toʻlganidan soʻng boʻlmoqda.
Ash-Sharaa AQSh poytaxtiga yetib kelishidan bir necha soat avval Suriya xavfsizlik xizmatlari “Islomiy davlat” deb ataluvchi guruhning oʻnlab gumondor aʼzolari qoʻlga olinganini maʼlum qildi.
Kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri sifatida ushbu guruhning qolgan aʼzolarini Suriyadan yoʻq qilish boʻyicha Tramp va ash-Sharaa oʻrtasidagi hamkorlik masalalarini oʻrnatish maqsad qilingan.
Suriya rasmiylariga koʻra, jami 71 nafar gumonlanuvchi qoʻlga olingan, shuningdek qurol-yarogʻ va portlovchi moddalar ham musodara qilingan. Hokimiyatga kelganidan beri ash-Sharaa Suriyani xalqaro maydondagi oʻrnini qayta tiklashga urinib kelmoqda.
Shu sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasiga murojaat qilish uchun AQShga borgan va nutqida Suriya “dunyo davlatlari orasidagi oʻz haqli oʻrnini qayta egallayotgani”ni aytgan, xalqaro hamjamiyatni esa sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan edi.
Hafta boshida BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh rezolyutsiyasini qoʻllab-quvvatlab, sanksiyalarni bekor qilishga yoʻl ochdi. Bundan tashqari, Vashingtonning Suriyaga va uning yangi rahbariyatiga nisbatan bir necha oylardan beri bosqichma-bosqich yengilliklar kiritish jarayoni davom etayotganini ham koʻrish mumkin.
7 noyabr kuni ash-Sharaa va ichki ishlar vaziri Anas Hasan Xattob ekstremistik guruhlarni qoʻllab-quvvatlagan yoki moliyalashtirganlikda gumon qilingan shaxslar roʻyxatidan chiqarildi. AQSh Moliya vazirligi bu qarorni “Suriya rahbariyati tomonidan namoyish etilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni tan olish” deb izohladi.
Ash-Shara avval “Hayʼat Tahrir ash-Shom” (HTSh) rahbari boʻlgan paytda ishlatgan taxallusi Muhammad al-Joʻloniy nomi bilan roʻyxatga olingan edi. HTSh 2016 yilgacha "al-Qoida" bilan bogʻliq boʻlgan, keyin Sharaa bu aloqalarni uzgan.
HTShni boshqarishidan oldin ash-Sharaa Iroqda al-Qoida safida jang qilgan va bir muddat AQSh kuchlari tomonidan qamoqqa olingan. U hatto bir paytlar Amerikada uni topgan shaxsga 10 million dollar mukofot puli berilishi aytilgan.
AQSh bu yil boshida HTShga qoʻyilgan sanksiyalarni bekor qilgan. Tramp may oyida ar-Riyodga tashrifi chogʻida Sharaa bilan uchrashdi va uni “bardoshli, irodali odam, oʻtmishi juda kuchli” deb taʼriflagan edi.
Bu yil boshida u xavfsizlik kuchlarida Suriya alavit ozchiligiga mansub mahbuslarni qatl etganlikda ayblangan boʻlinmalarni tugatishga vaʼda bergan edi.
Soʻnggi oylarda Sunniy Beduin jangchilari bilan druz jangarilari oʻrtasida ham halokatli toʻqnashuvlar yuzaga kelgan. Bu esa oʻn yildan ortiq urush bilan larzaga kelgan mamlakatda ash-Sharaa boshchiligidagi hukumat barqarorlikni tiklay oladimi degan savollarni yanada keskinlashtirdi.