platina.uz
Jahon

Filippinda kuchli dovul sabab bir million kishi evakuatsiya qilindi

Orollardan tashkil topgan mamlakat har yili qariyb 20 ta toʻfon va boʻron zarbalariga uchraydi va tabiiy ofatlardan eng koʻp zarar koʻruvchi davlatlardan sanaladi. 

Filippinda kuchli dovul sabab bir million kishi evakuatsiya qilindi

Kuchli Fung-vong dovuli Filippinga yaqinlashishi oqibatida qariyb 1 million kishi evakuatsiya qilindi.

Mamlakat ob-havo xizmati bu ulkan boʻron eng katta orol Luson tomon yaqinlashayotgani va “hayot uchun xavfli sharoitlar” haqida ogohlantirmoqda. Lusonda poytaxt Manila va yirik shahar Keson joylashgan.

Mazkur xavfdan bir necha kun oldingi boshqa toʻfon 200 dan ortiq odamning hayotiga zomin boʻlgandi. Endilikda qariyb bir million kishi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻldi.

Fung-vong deb nomlangan boʻron 9 noyabr kuni kutilayotgan quruqlikka chiqishidan avval Filippinning shimoli-sharqiy hududlariga yopirila boshladi, elektr taʼminotini uzib qoʻydi. Ob-havo xizmati tomonidan mazkur hodisa hayot uchun xavfli ekani haqida ogohlantirishlar eʼlon qilindi.

Boʻronning maksimal barqaror shamol tezligi soatiga 185 kilometrgacha, kuchaygan shamol tezligi esa 230 km/soatgacha yetishi aytilmoqda.

Janubi-sharqiy va markaziy hududlar — jumladan Katanduanes, Kamarines Sur va Aurora — uchun eng yuqori ogohlantirish darajasi, 5-signalni eʼlon qildi. Metro Manila va unga yaqin viloyatlar esa 3-signal ostida turibdi.

Avval Kalmaegi toʻfoni markaziy orol provinsiyalarida kamida 224 kishining oʻlimiga sabab boʻlib, keyin Vetnamga yopirilgan va u yerda ham kamida besh kishining hayotiga zomin boʻlgan.

Filippin prezidenti Ferdinand Markos Kalmaegi yetkazgan ulkan zarar va Fung-vongdan kutilayotgan talafot sabab favqulodda holat eʼlon qildi.

Shimoliy-sharqiy provinsiyalardagi xavf darajasi yuqori boʻlgan qishloqlardan, jumladan Tinch okeani boʻronlari va Mayon vulqonining loy oqimlariga eng koʻp taʼsirchan Bikol kabi sohilboʻyi hududlaridan 916 860 nafardan ortiq odam evakuatsiya qilindi.

Filippin har yili qariyb 20 ta toʻfon va boʻron zarbalariga uchraydi. Mamlakatni tez-tez zilzilalar ham larzaga keltiradi va u yerda oʻnlab faol vulqonlar mavjud. Shu sababli Filippin dunyodagi eng koʻp tabiiy ofatlardan zarar koʻruvchi davlatlardan biri hisoblanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid