Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga oʻtadi
Xodimlarga lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama toʻlanadi, ipoteka olishda va boshqa imtiyozlar ham beriladi.

2026 yil 1 apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti besh kunlik ish haftasiga oʻtkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini taʼminlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yoʻlga qoʻyiladi.
Bu haqda "Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida"gi prezident qarorida soʻz boradi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab:
- tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi;
- davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;
- tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bogʻliq xarajatlari toʻliq qoplab beriladi;
- har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan taʼminlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal toʻlovining 25 foizi qoplab beriladi.
Milliy akkreditatsiyadan oʻtgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlariga 2026 yil 1 yanvardan boshlab lavozim maoshining 10 foizi miqdorida oylik ustama toʻlanadi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga quyidagi qoʻshimcha imtiyozlar beriladi:
- davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish;
- davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega boʻlgan xodimlarga Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tibbiyot muassasasining mablagʻlari hisobidan bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yoʻllanma berish;
- barcha turdagi davlat xizmatlari uchun toʻlovlar miqdorini ikki barobar kamaytirish.