Samarqandda hokim yordamchisi va advokat qoʻlga olindi
Ular Urgut tuman tibbiyot birlashmasida aniqlangan kamomad ishi boʻyicha gumonlanuvchidan pora olayotganda ushlandi. Hokim yordamchisi va advokat muqaddam sudlangan boʻlgan.

Urgut tumanida hokim yordamchisi va advokatga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Samarqand viloyati Urgut tuman tibbiyot birlashmasida aniqlangan 61 mln. soʻmlik kamomad boʻyicha prokuratura organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 167-modddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatiladi.
Tumandagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi hokim yordamchisi mazkur jinoyat ishining unda gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslardan biriga tegishli qismini tanishlari yordamida ijobiy hal qilib berish evaziga 2500 AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Soʻngra hokim yordamchisi ushbu pullarni mahalliy advokatlik byurosi advokatiga berishi kerakligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi hamda mazkur qonun himoyachisi ham 2500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Maʼlum boʻlishicha, advokat mansabdor tanishlari orqali jinoyat ishining gumondor shaxsga tegishli qismini JPKning 84-moddasi bilan tugatib berishni vaʼda qilgan.
Hozirda hokim yordamchisi va advokatga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Afsuski, hokim yordamchisi muqaddam JKning 167-moddasi bilan, advokat esa 168-moddasi bilan sudlangan boʻlishlariga qaramasdan, oʻz xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarishmagan.
Avvalroq Toshkent va Navoiy viloyatlarida korrupsiya holatlari aniqlangandi.