platina.uz
Jamiyat

Andijonda 2,6 mlrd soʻmlik subsidiya maqsadsiz sarflangani aniqlandi

Shundan 1,8 mlrd soʻmlik qismi oʻzlashtirib yuborilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. 

Andijonda 2,6 mlrd soʻmlik subsidiya maqsadsiz sarflangani aniqlandi

Andijon viloyatida subsidiya mablagʻlarining maqsadsiz sarflanganligi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Agentlik tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 iyuldagi 307-son qarori asosida ajratilgan subsidiya mablagʻlarning maqsadli va samarali sarflanishi boʻyicha Andijon viloyatida oʻrganish oʻtkazildi.

Oʻrganish davomida aniqlanishicha, 2023-2024 yillar davomida tadbirkorlik subʼektlariga ajratilgan jami 7,8 mlrd soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlardan 2,6 mlrd soʻmi Qaror talablariga zid ravishda maqsadsiz sarflangan. Shundan 1,8 mlrd soʻmlik qismi oʻzlashtirib yuborilgan.

Jumladan:

-Baliqchi tumanida 4 ta yuridik shaxs tomonidan 74 nafar kasanachiga 729,6 mln soʻmlik;

-Ulugʻnor tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 48 nafar kasanachiga 401,3 mln soʻmlik;

-Jalaquduq tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 25 nafar kasanachiga 247,5 mln soʻmlik;

-Xonobod shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 10 nafar kasanachiga 204 mln soʻmlik;

-Qoʻrgʻontepa tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 19 nafar kasanachiga 180,0 mln soʻmlik;

-Shahrixon tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 9 nafar kasanachiga 69,0 mln soʻmlik asbob-uskunalar yetkazib berilmaganligi aniqlandi.

Shuningdek, Izboskan tumanida 2 ta yuridik shaxs 79 nafar kasanachiga ajratilgan subsidiya mablagʻlari hisobidan tikuv mashinalarini taʼminotchi sifatida 118 mln soʻm ustama qoʻshgan holda yetkazib bergan.

Kasanachilar bilan mehnat shartnomalari tuzilmagani, amaldagi bandligi taʼminlanmagani va ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmaganligi natijasida 792,3 mln soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlari maqsadsiz sarflangan.

Shuningdek, ijtimoiy shartnoma shartlarining bajarilishi subsidiya mablagʻlari ajratilgan roʻyxatdagi kasanachilarning ish bilan bandligini taʼminlanganligi hamda ish haqlarining hisoblanishi soliq organlariga topshirilgan hisobotlari asosida oʻrganilganda Qaror talablari buzilishi, ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmaganligi holatlari aniqlandi.

Qaror talabi boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻlimi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan subsidiya mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring tadbirlari orqali nazorat qilib borish ishlarida ham masʼuliyatsizlik va qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyilgan.

Toʻplangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid