Xorazmda chiqindi olib ketish tariflari oshadi
Bu haqda tegishli qaror 2025 yil 7 noyabr kuni eʼlon qilindi. Hujjat darhol kuchga kirishi belgilangan.

Xorazm viloyatida maishiy chiqindi olib ketish narxlari oshiriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining qarori eʼlon qilindi. Qaror 2025 yil 7 noyabr kuni imzolangan.
Unga koʻra, bir fuqaro uchun chiqindi olib ketish narxlari 6700 soʻm etib belgilandi.
Yuridik shaxslarda bu miqdor 74 060 soʻmni tashkil etadi. Yuridik shaxslar uchun oʻz yuk mashinalariga qattiq maishiy chiqindini saqlash obʼektiga olib borib joylashtirish bir kub metr uchun 21 600 etib belgilandi. Barcha narxlar QQS bilan qoʻshib hisoblangan.

Ushbu qaror eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kirishi belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, dekabr oyidan boshlab barcha hududlarda chiqindi toʻlovini toʻlamaganlarning elektrga toʻlov qilishi cheklanadi.
Masʼullarning tushuntirish berishicha, chiqindidan qarzi bor xonadon elektr tokidan birdaniga uzib qoʻyilmaydi. Avval chiqindidan qarzdorligi haqida ogohlantirish berilib, unga sms-xabarnoma yuboriladi. Bu 2100 qisqa raqam orqali amalga oshiriladi. Besh kun muddat ham beriladi. Shu besh kun muddat ichida chiqindidan qarzdorlik bartaraf etilmasa, shunda soʻng xonadonning elektr energiya uchun toʻlov imkoniyati cheklanadi.