Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidentini Oʻzbekistonga taklif qildi
Trampning mintaqaviy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish borasida qoʻshayotgan shaxsiy hissasi alohida qayd etgan.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampni oʻzi uchun qulay muddatda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etgan.
Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrifi doirasida Oq uyda Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashgan.

Oʻzbekiston prezidenti dastlab Oq uyning Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirgan. Soʻng Oval xonada yetakchilar muzokara oʻtkazgan.

Jumladan:
- Oʻzbekiston bilan AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish;
- siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish;
- joriy yil sentabr oyida Nyu-York shahrida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish;
- Global va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, shu jumladan, S5+1 formatida Markaziy Osiyo va AQSh oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqilgan.

"Davlatimiz rahbari Donald Trampni ichki va tashqi siyosatdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan samimiy tabrikladi. Uning oʻtkir xalqaro va mintaqaviy mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etish borasida qoʻshayotgan shaxsiy hissasi va saʼy-harakatlari alohida qayd etildi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.