platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev AQSh hukumatining yirik moliyaviy rivojlanish institutlari rahbarlari bilan uchrashdi

Vashingtonda boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi va axborot texnologiyalari sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev AQSh hukumatining yirik moliyaviy rivojlanish institutlari rahbarlari bilan uchrashdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 noyabr kuni Vashingtondagi amaliy tashrifi doirasida AQShning yetakchi moliyaviy tashkilotlari — Eksport-import banki (Eksimbank ) rahbari Jon Yovanovich va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blek bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.

Eksimbank bilan tayyorlangan qoʻshma dastur asosida energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xoʻjaligi, AT va boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi yirik loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Eksimbankning Oʻzbekistondagi aviaparkini modernizatsiya qilish va “Boeing” samolyotlarini yetkazib berishdagi ishtirokiga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSh Eksimbanki oʻrtasida Qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim imzolandi.


Maʼlumot uchun, Eksimbank hukumatning rasmiy eksport-kredit agentligi boʻlib, AQSh kompaniyalarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlaydi hamda ularga sugʻurta, kafolat va kredit vositalarini taqdim etadi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blekni ham qabul qildi.

Muloqot chogʻida energetika, muhim mineral resurslar, transport, qishloq xoʻjaligi, moliya va axborot texnologiyalari sohalaridagi yirik qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qoʻshma investitsiya platformasini yaratishni jadallashtirish, kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Toshkent shahrida korporatsiyaning mintaqaviy ofisini ochish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrib chiqildi.


Maʼlumot uchun, DFC – AQShning milliy rivojlanish instituti boʻlib, rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy kapitalni safarbar qilish bilan shugʻullanadi.


© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid