Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShda “General Motors” kompaniyasi rahbarini qabul qildi
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston avtomobil sanoatini diversifikatsiya qilish va yangi modellarni ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashington shahridagi amaliy tashrifi doirasida “General Motors International” kompaniyasining global ijrochi direktori Shilpan Aminni qabul qildi.

Uchrashuvda korporatsiya bilan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Prezident kompaniyaning Oʻzbekiston avtomobil sanoatini diversifikatsiya qilish va yangi modellarni ishlab chiqarishdagi muhim oʻrnini taʼkidladi.

Soʻnggi besh yil ichida “General Motors” Oʻzbekistonda 1,6 milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqardi. Mamlakat “Chevrolet” brendi uchun AQShdan keyingi ikkinchi yirik bozorga, shuningdek, Markaziy Osiyo va MDHdagi yetakchi eksportchiga aylandi.

Tomonlar ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, mahsulot turini kengaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va zamonaviy mashinasozlik uchun yangi texnologiyalar hamda xomashyo resurslari sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.