JSTga qoʻshilishda yana ikkita davlat qoldi
Oʻzbekiston Ekvador bilan JSTga qoʻshilish boʻyicha muzokaralarni yakunladi.

Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilish yoʻlida Ekvador bilan bozorga kirish doirasidagi ikki tomonlama muzokaralar boʻyicha kelishuvga erishilgan. Bu haqda Prezidentning JST boʻyicha vakili Azizbek Urunov maʼlum qildi.
“Ekvador tomoniga konstruktiv muloqot va qoʻllab-quvvatlash uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Biz bu jarayonga toʻliq ishonamiz va birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan faxrlanamiz. Ishlar davom etmoqda — oldinda JSTning yana ikkita aʼzosi turibdi”, deb yozgan Urunov.
Avvalroq Oʻzbekiston Kanada va Panama bilan JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarni yakunlagan edi.
Shuningdek, amerikalik senator Jekson-Venik tuzatishini bekor qilish niyatini bildirgandi. Buning uchun esa Oʻzbekiston eng muhim shartni bajarishga yaqin turibdi.