Buxoroda ekologiya xodimi haqoratlanib, kaltaklandi
4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda saksovul kesib, tabiatga zarar yetkazgan. Ular ekologiya boʻlimi xodimi hamda IIB inspektorining talabiga boʻysunmagan.

Buxoroda davlat organi xodimlariga nisbatan kuch ishlatgan shaxslar javobgarlikka tortildi. Bu haqda Buxoro viloyat sudi xabar berdi.
Hodisa Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Chandir” mahallasidagi ustaxonalardan birida sodir etilgan. Voqeaga koʻra, bir nechta fuqarolar ochiqdan-ochiq tuman ekologiya boʻlimi xodimi hamda IIB inspektorining qonuniy talablariga boʻysinishmagan.
Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, mayda bezorilik harakatlarini sodir etishgan.
Qoidabuzar fuqarolarning xatti-harakatlari jinoyat ishlari boʻyicha Shofirkon tuman sudi tomonidan koʻrib chiqilgan.
Holatga koʻra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda saksovul kesib, tabiatga nisbatan huquqbuzarlik harakatini sodir qilishgan.
Voqeadan xabar topgan Ekologiya boʻlimi xodimi hamda IIB inspektori ular tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holatini oʻz vaqtida payqab, ularga nisbatan tegishlicha bayonnomalarni rasmiylashtirayotganida mazkur shaxslar ularning qonuniy talablariga boʻysinmasdan, baqir-chaqir qilishgan, jamoat tartibini buzishgan.
Bu ham yetmagandek, fuqaro A. S.ning xatti-harakatlari xavfli tus olgan. U oʻziga tegishli "Ford Tranzit" avtomashinasini haydab qochib, ekologiya boʻlimi xodimini avtomashinasiga majburan olib kirgan. Va qoʻpollik bilan avtomashina eshiklarini qulflab, uni Chitgaron qishlogʻigacha kuch ishlatib olib kelgan. Manzilga yetgach, ekologiya boʻlimi xodimining oyogʻidan tortib, sudrab tushirgan. A. S. choʻntagida gʻilofsiz holda bir dona "oshxona pichogʻi"ni ham olib yurgan boʻlgan. U ekologiya boʻlimi xodimini qoʻpol soʻzlar bilan haqoratlab, kuch ishlatib, unga nisbatan zoʻravonlik koʻrsatgan.
Holat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari davomida A. S.ning ilgari ham maʼmuriy javobgarlikka tortilgani aniqlangan.
Qonun talablariga boʻysunmagan, davlat organi xodimlariga nisbatan kuch ishlatib, huquqbuzarliklar sodir etgan toʻrtala shaxs ham javobgarlikka tortildi.