AQSh va S5+1 sammiti Samarqandda oʻtkazilishi mumkin
Oq uyda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining S5+1 formatidagi sammiti boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oq uyda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining S5+1 formatidagi sammitida navbatdagi sammitni Samarqand shahrida oʻtkazishni taklif qildi.
Donald Tramp raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev, Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.

S5+1 formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston rahbari qator tashabbuslarni ilgari surdi:
- ishtirokchi mamlakatlarda navbati bilan joylashtiriladigan doimiy faoliyat yuritadigan kotibiyatni taʼsis etish;
- davlat idoralari, kompaniyalar va moliya institutlari oʻrtasida tizimli muloqotni taʼminlash maqsadida vazirlar darajasida Investitsiyalar va savdo boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish;
- “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamgʻarmasini ishga tushirish;
- Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz va Yevropa bilan bogʻlaydigan yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishda AQSh bilan faol ishlash;
- muhim minerallarni qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash borasidagi saʼy-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish;
- tayyor mahsulotlarni global yetkazib berish zanjirlariga kiritish uchun Maxsus qoʻmitani tuzish;
- mintaqa qishloq xoʻjaligini Amerika texnologiyalarini joriy etgan holda modernizatsiya qilish maqsadida Mintaqaviy agrotexnologik innovatsiyalar sherikligini tashkil etish;
- gumanitar aloqalarni mustahkamlash maqsadida AQShning yetakchi muzeylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarining madaniy merosiga bagʻishlangan qoʻshma koʻrgazmalarni tashkil etish.
Sammit yakunida koʻp tomonlama hujjatlar qabul qilindi.