Prezident amaliy tashrif bilan Vashingtonga bordi
Oʻzbekiston rahbari AQSh Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari va senatorlar bilan uchrashdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammiti ham boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 4 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga keldi.
“Endryus” aviabazasida davlatimiz rahbarini AQSh Davlat kotibining oʻrinbosari Kristofer Landau, AQSh – Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6-noyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston Prezidenti Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi.
Tadbirlar dasturidan AQSh Kongressi va hukumati vakillari bilan muzokaralar, ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalarining rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralar ishtirokidagi davra suhbati ham oʻrin olgan.
Amaliy tashrif bilan Vashington shahriga kelgan Prezident Shavkat Mirziyoyevni AQShda ishlayotgan va taʼlim olayotgan bir guruh vatandoshlarimiz kutib oldi. Davlatimiz rahbari ular bilan samimiy suhbatlashib, katta muvaffaqiyatlar tiladi.
Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrif doirasida 5 noyabr kuni oʻziga ajratilgan qarorgohda AQSh Kongressi Vakillar palatasi aʼzolari Bill Xayzenga, Kerol Miller va Sidni Kamlager-Davni qabul qildi.

Oʻzbekiston bilan AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat parlamentlarining amaliy hamkorligini kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Qonun chiqaruvchi organlar oʻrtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani, AQSh Kongressida Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha kokus samarali faoliyat olib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Har yili Vakillar palatasida kokus koʻmagida ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilayotgan Oʻzbekiston kunlari oʻtkazib kelinmoqda.
Kongress oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga doir kelishuvlarni amalga oshirishga har tomonlama koʻmaklashishi muhim ekani taʼkidlandi.
Hududlararo aloqalarni kengaytirish, kongressmenlar vakillik qilayotgan Gʻarbiy Virjiniya, Michigan va Kaliforniya shtatlari bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida AQSh Kongressi vakillarining Oʻzbekistonga tashrifini uyushtirish, shuningdek, ikki mamlakat hududlari rahbarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etishga kelishib olindi.

Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni Vashington shahriga amaliy tashrif doirasida oʻziga ajratilgan qarorgohda AQSh Senatidagi Markaziy Osiyo boʻyicha kokusning hamraisi, senator Stiv Deynsni qabul qildi.
Oʻzbekiston bilan AQSh oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Davlatimiz rahbari parlamentlararo aloqalarga, xususan, Senatdagi Markaziy Osiyo boʻyicha kokus faoliyatiga yuqori baho berdi.
Ikki tomonlama hamkorlikda misli koʻrilmagan yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo koʻrsatkichlari oʻsmoqda, AQShning yetakchi kompaniyalari bilan muvaffaqiyatli kooperatsiya loyihalarining soni koʻpaymoqda.
Keyingi oylarda rekord qiymatdagi kelishuv va shartnomalar imzolandi. Bu galgi tashrif davomida yangi iqtisodiy hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan. AQSh Kongressi mazkur kelishuvlarning amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashi muhim ekani taʼkidlandi.
Senator Stiv Deyns vakillik qilayotgan Montana shtati bilan faol hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shtat ishbilarmonlarining delegatsiyasini Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.