Fargʻonada 1,4 mlrd soʻmlik subsidiya pullari oʻzlashtirib yuborildi
Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

2023-2024 yillar davomida tadbirkorlik subʼektlariga ajratilgan jami 9,3 mlrd soʻm miqdoridagi subsidiya mablagʻlaridan 1,4 mlrd soʻmlik qismi oʻzlashtirib yuborilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 iyuldagi 307-son qarori asosida ajratilgan subsidiya mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi boʻyicha Fargʻona viloyatida oʻrganish oʻtkazgan.
Jumladan:
- Uchkoʻprik tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 37 nafar kasanachiga 309,4 mln soʻmlik;
- Rishton tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 42 nafar kasanachiga 277,2 mln soʻmlik;
- Bagʻdod tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 54 nafar kasanachiga 275 mln soʻmlik;
- Beshariq tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 33 nafar kasanachiga 192,4 mln soʻmlik;
- Qoʻqon shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 17 nafar kasanachiga 160,5 mln soʻmlik;
- Fargʻona tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 14 nafar kasanachiga 106,3 mln soʻmlik;
- Fargʻona shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 15 nafar kasanachiga 98 mln soʻmlik;
- Dangʻara tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 7 nafar kasanachiga 51 mln soʻmlik;
- jami 335 mln soʻmlik subsidiya mablagʻlari asossiz ajratilganligi aniqlangan.
Xususan, 6 nafar fuqaro nomiga ikki marotaba, yaʼni takroriy tarzda jami 34,9 mln soʻmlik subsidiya qaror talablariga zid ravishda ajratilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 maydagi 252-son qarori asosida viloyat boʻyicha tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilish faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan, jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 47 nafar fuqaroga asbob-uskunalar xaridi yoʻnalishida avval subsidiya mablagʻi olgan boʻlishiga qaramasdan, takroran jami 300,1 mln soʻm subsidiya ajratilgan.
Qaror talabi boʻyicha Kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻlimi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan subsidiya mablagʻlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring tadbirlari orqali nazorat qilib borish ishlarida ham masʼuliyatsizlik va qoʻpol xatolarga yoʻl qoʻyilgan.
Toʻplangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozir dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.