Toshkent viloyatida soliq katta inspektori qoʻlga tushdi
U Angrendagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikda oʻtkazilayotgan sayyor soliq tekshiruvini ijobiy hal qilish evaziga 5 ming dollar olayotganda ushlandi.

Toshkent va Navoiy viloyatlarida korrupsiya holatlari aniqlandi.
Toshkent viloyati Soliq boshqarmasining sayyor soliq tekshiruvlari boʻlimi katta inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda, Angren shahrida faoliyat yurituvchi, bogʻdorchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikda oʻtkazilayotgan sayyor soliq tekshiruvini ijobiy hal qilib, 1 yil davomida soliq organlari tomonidan tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga xoʻjalik rahbaridan 5 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Ohangaron tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda soliq inspektori oʻz harakatlari qonunga xilof ekanligini bilgani holda, ushbu pul mablagʻini tamagirlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Navoiy viloyatidagi tumanlardan biridagi bolalar va oʻsmirlar sport maktabi direktori hamda bosh hisobchisi oʻzaro til biriktirib, maktab murabbiyiga ajratilishi lozim boʻlgan xizmat safari pulidan qoʻshtirnoq ichida ulush olishni reja qilishadi.
Xususan, ular joriy yilning mart va may oylarida para yengil atletika sport turi boʻyicha murabbiy 8 nafar sportchi bilan Toshkent viloyatida oʻtkazilgan musobaqada ishtirok etganligi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan jami 40 mln 722 ming soʻm miqdoridagi xizmat safari pullarini toʻlab berish evaziga ushbu summadan 40 foizini, yaʼni 16 mln soʻmdan ortiqroq qismini berishini talab qilishadi.
Soʻngra bosh hisobchi murabbiyning bank plastik kartasiga xizmat safari puli hisobidan 10 mln soʻm oʻtkazib berib, shundan 3 mln. soʻmni pora sifatida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismining tegishli bandlari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Andijonda tuman hokimi oʻrinbosari qoʻlga olingandi.
U doʻkon qurish uchun hujjatlarni rasmiylashtirib berish bahonasida fuqarodan pul talab qilgan.