platina.uz
Jahon

Nyu-Yorkning yangi musulmon meri Zohran Mamdani haqida nimalar maʼlum?

Zohran Isroil siyosatini va Gʻazodagi davom etayotgan genotsidni qattiq tanqid qiladi. U HAMASni ham qoralagan, uning hujumlarini “dahshatli urush jinoyati” deb atagan. 

Nyu-Yorkning yangi musulmon meri Zohran Mamdani haqida nimalar maʼlum?

U bu lavozimga tayinlangan birinchi janubiy osiyolik va musulmon boʻldi.

Zohran Mamdani 1991 yil 18 oktabrda Ugandaning Kampala shahrida tugʻilgan. Zohran amerikalik siyosatchi, Nyu-York shahrining saylangan meri, Demokratik partiya hamda Amerika Demokratik Sotsialistlari aʼzosi boʻlib, 2021 yildan beri Nyu-York shtati Assambleyasining 36-okrugidan Kvins tumanidagi Astoriya hududini vakillik qilib kelmoqda.

Otasi Mahmud Mamdani olim, onasi kinorejissyor Mira Nair va Zohran oilada yagona farzand hisoblanadi. Ota-onasining ikkalasi ham kelib chiqishli hind: otasi — Bombeyda tugʻilgan, Ugandada ulgʻaygan gujaratlik musulmon; onasi esa Rurkela shahrida tugʻilgan va Bxubanesvarda voyaga yetgan panjoblik hindudir.

Hayotining dastlabki yillari

Mamdani besh yoshigacha Kampalada yashagan, shundan soʻng oila Janubiy Afrikaning Gʻarbiy Keyp viloyatidagi Keyptaun shahriga koʻchgan. U Moubray tumanidagi Avliyo Jorj boshlangʻich maktabida oʻqigan. Shu paytda otasi Keyptaun universitetida antropologiya professori boʻlgan va Afrika tadqiqotlari boʻyicha dars bergan. Keyinroq oila AQShGA koʻchib oʻtgan va Mamdani yetti yoshida Nyu-York shahrida, Moningsayd Heyts tumanida ulgʻaygan. U oʻz bolaligini “omadli” deb taʼriflab, shunday degan:

“Men yoshligimda hech narsaga muhtoj boʻlmaganman, ammo boshqa nyu- yorkliklarning hayoti bunday emasligini koʻrish men uchun ogʻir boʻlgan.”

AQShGA koʻchib kelgandan soʻng

AQShGA koʻchib oʻtgandan keyin, Mamdani Bronksdagi Aniq fanlar oʻrta maktabini tamomlagan hamda 2014 yilda Meyn shtatidagi Boudoin kollejida Afrikana tadqiqotlari yoʻnalishida bakalavr darajasini olgan. Shundan soʻng, u turar joy masalalari boʻyicha maslahatchi va hip-hop janrida qoʻshiq aytgandan soʻng, Nyu-York shahridagi mahalliy siyosatga kirib kelgan. Uning siyosiy oʻsishi juda tez boʻlgan. Mamdani 2020 yilda ilk bor Nyu-York shtati Assambleyasiga saylanib, besh muddat xizmat qilgan Aravella Simotasni Demokratik partiya ichki saylovlarida magʻlub etgan. U 2022 va 2024 yillarda raqibsiz ravishda qayta saylangan. 2024 yil oktabrida meri lavozimiga oʻz nomzodini eʼlon qilganida, koʻpchilik uni gʻolib boʻlishiga ishonmagandi. Ammo yakunda u Kuomoni ishonchli tarzda magʻlub etib, 56,4% ovoz bilan gʻalaba qozondi.

Shaxsiy hayot

Mamdani ham Uganda ham Amerika Qoʻshma Shtatlarining fuqarosi boʻlib, AQSh fuqaroligini 2018 yilda olgan. U Islom dinining shia yoʻnalishining oʻn ikki imom tarmogʻiga eʼtiqod qilishini maʼlum qilgan.

Zohran 2021 yilda “Hinge” tanishuv ilovasi orqali animator va illyustrator Rama Duaji bilan tanishib qolgan. Juftlik 2024 yil oktabr oyida unashtirilgan, ikki oy oʻtib nikoh marosimini oʻtkazishgan va 2025 yil fevral oyida Nyu-York shahar hokimiyatida fuqarolik toʻy marosimi bilan rasman turmush qurishgan.

Er-xotin hozirda Kvins tumanidagi Astoriya hududida yashaydi. Ingliz tilidan tashqari, Mamdani turli darajada besh tilda: hindi-urdu, bengal, ispan va arab tillarida gaplasha oladi.

Zohran hip-hop muxlisi boʻlib, ushbu yoʻnalishda ijro etgan va bir nechta musiqalar yaratgan. U, shuningdek, bir necha sport jamoalarining muxlisi hisoblanadi — jumladan Angliya futbol klubi "Arsenal"ga muxlislik qiladi.

Siyosiy qarashlari

Mamdanining saylovoldi dasturi koʻplab nashrlar tomonidan sobiq Nyu-York meri Fiorello La Gvardiya va sobiq AQSh prezidenti Franklin Delano Ruzvelt olib borgan siyosatlarga oʻxshash deb baholangan.

Zohran Isroil siyosatini va Gʻazodagi davom etayotgan genotsidni qattiq tanqid qiladi. U Isroilning siyosatini irqiy va milliy ajratish sifatida baholagan va Nyu-York xayriya tashkilotlarining Isroilning urush jinoyatlarida ishtirok etuvchi tashkilotlarga mablagʻ ajratishini taqiqlovchi qonun loyihasini ilgari surgan.

2023 yil 7 oktabrdagi hujumlardan soʻng u har ikki tomondagi qurbonlar berganidan qaygʻuda ekanligini aytgan. Hujumni yakunlash hamda Isroilning irqiy va milliy ajrtatishni tugatishi tinchlikning kaliti ekanini qayta-qayta taʼkidlagan. U HAMASni ham qoralagan, uning hujumlarini “dahshatli urush jinoyati” deb atagan.

Shuningdek, u Gʻazoni tinchligi uchun HAMAS qurollarini tashlashi kerak degan fikr notoʻgʻriligni taʼkidlagan.

Mamdani siyosat va jahon ishlari bilan qiziqishida ota-onasining hissasi katta ekanligini taʼkidlaydi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid