Ukrainada qiyin ahvolda qolgan 19 oʻzbekistonlik ortga qaytarildi
Sentabr oyida Kiyev viloyatidagi issiqxonada qullikda ushlab turilgan fuqarolar haqida maʼlumot berilgandi. Ularga "jabrlanuvchi" maqomi taqdim etilgan.

Ukrainadan 19 oʻzbekistonlik ortga qaytarildi.
Oʻzbekiston elchixonasining Ukraina Milliy politsiyasi, shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT)ning Ukraina va Moldovadagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda olib borgan tezkor va muvofiqlashtirilgan saʼy-harakatlari tufayli Kiyev viloyatida qiyin ahvolda qolgan 19 nafar mamlakatimiz fuqarosi oʻz vataniga qaytarildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Kiyev viloyatidagi issiqxonada majburiy mehnatga oʻxshash sharoitlarda ushlab turilgan vatandoshlar haqidagi xabarlar 18 sentabr kuni Ukraina ommaviy axborot vositalarida paydo boʻldi. Vaziyat darhol diplomatik nazoratga olingan.
Oʻzbekiston elchixonasi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning qonuniy huquqlarini tiklash hamda Ukrainadan xavfsiz chiqib ketishlari uchun hujjatli va tashkiliy masalalarni hal qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni tezda tashkil etdi.
Muzokaralar natijasida barcha 19 fuqaroga rasman “jabrlanuvchi” maqomi berildi, bu ularga Ukraina qonunchiligiga muvofiq har qanday sanksiyalar qoʻllanilishi ehtimolini butunlay yoʻq qildi.
XMTning Ukraina va Moldovadagi ofislarining toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirishi bilan Oʻzbekiston fuqarolari 28 oktabr kuni Kiyevdan Kishinyovga avtomobil yoʻli orqali olib ketildi. Moldova poytaxtida boʻlganlarida ularga xavfsiz turar joy, ovqat va zarur yordam koʻrsatildi. 2 noyabr kuni barcha 19 nafar vatandosh XMTning vakolatli vakillari hamrohligida Kishinyov-Istanbul-Urganch reysi bilan joʻnab ketishdi va 3 noyabr kuni Oʻzbekistonga yetib kelishdi.