Sunʼiy intellekt yutuberning 350 ming kishilik kanalini oʻchirib yubordi
Blogerning aytishicha, bu qaror sunʼiy intellekt tomonidan notoʻgʻri tarzda, inson aralashuvisiz qabul qilingan.

Texno yutuberning 350 ming obunachisi bor kanali sunʼiy intellekt tomonidan oʻchirib yuborildi.
Texno yutuber Enderman yuz minglab obunachilarga ega bir nechta akkauntlarining oʻchirib tashlanganini maʼlum qildi. Blogerning aytishicha, bu qarorlar sunʼiy intellekt tomonidan notoʻgʻri tarzda, inson aralashuvisiz qabul qilingan.
Kutilmaganda, Endermanning ikkinchi akkaunti platformadan olib tashlandi — sababi sifatida Youtube xizmat koʻrsatish shartlarini buzganlik koʻrsatildi.
Aytilishicha, u uch yoki undan ortiq mualliflik huquqi buzilishi haqida ogohlantirish olgan ingliz tilida boʻlmagan kanal bilan bogʻliq edi. Enderman esa bu akkaunt haqida ham, u tegishli boʻlgan til haqida ham hech qanday maʼlumotga ega emas edi.
Shu sababli, u 3 noyabr kuni video eʼlon qilib, uning asosiy akkaunti ham oʻchib ketish xavfida ekanligini haqida ogohlantirdi. Darhaqiqat, uning xavotiri rost chiqdi — Enderman bularning barchasida Youtubeʼning sunʼiy intellektga haddan tashqari tayanganini aybladi.
“Youtube mening kanalimni uchta mualliflik huquqi ogohlantiruvlari tufayli oʻchirib tashlangan kanal bilan bogʻliq deb notoʻgʻri xulosa chiqargan,” — dedi u. Unga koʻra, aynan SI uning qoʻshimcha kanalini xorijiy kanal bilan bogʻlab, natijada barcha akkauntlarini oʻchirib tashlagan.
“Men bunday keskin chora — kanalni butunlay oʻchirish funksiyasi — SIga topshirilib qoʻyilgan deb umuman oʻylamagan edim,” — dedi u. “Bu ishlarning shunchalik toʻsatdan sodir boʻlgani juda achinarli. Rostini aytsam, endilikda butunlay umidimni uzdim. Youtube uchun bu — uyat” - dedi oʻz video murojaatida.
Enderman bu vaziyatdan foydalanib, boshqa kontent yaratuvchilarga Youtubeʼni asosiy daromad manbai sifatida emas, qoʻshimcha ish sifatida koʻrishni maslahat berdi. Unga koʻra, har kim bir zumda platformadan “yoʻqolib ketishi” mumkin va boshqalari ham Youtubeʼning SI nazorati tomonidan har koʻyga solinishi mumkin.
Youtube bu masala boʻyicha hali ommaga izoh bermadi. Yutuber izoh soʻrab murojaat qilgan, biroq hamon javob olmagan.