Shavkat Mirziyoyev Dohada Qatar amiri bilan uchrashdi
Strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va koʻp qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Doha shahriga amaliy tashrif doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston – Qatar strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va koʻp qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Qatar Amirini Ijtimoiy rivojlanish boʻyicha ikkinchi Jahon sammiti tadbirlarining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
Turli darajalarda samarali muloqot va almashinuvlar olib borilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 45 foizga oshdi. Qatarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Parlamentlararo va madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanmoqda.
“Yashil” energetika, transport, geologiya, toʻqimachilik, turizm, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.