platina.uz
Jamiyat

"Kelajak merosi" xalqaro mukofoti taʼsis etildi

Mukofotning har bir yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar 10 ming dollar miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

"Kelajak merosi" xalqaro mukofoti taʼsis etildi

"Kelajak merosi" xalqaro mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qaror eʼlon qilindi.

Oʻzbekistonning "madaniy-maʼrifiy asoslarini mustahkamlash, mamlakatning bu boradagi xalqaro obroʻ-eʼtiborini oshirish qadimiy tarixiy meros namunalari, madaniy boyliklar, ilmiy yutuq va innovatsion gʻoyalarni turli shakllarda, jumladan, ilmiy, adabiy-badiiy, tasviriy yoʻllar bilan faol targʻib etish, ularning nafaqat bugungi, balki kelgusi taraqqiyotga xizmat qiladigan taʼsirchan vositaga aylantirishga qaratilgan intilish va amaliy harakatlar" bugungi kunda muhim ahamiyatga ega.

Qarorning maqsadi — adabiyot, madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuqori natijalarga erishayotgan hamda milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga, global madaniy taraqqiyotga munosib hissa qoʻshib kelayotgan mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash etib belgilangan.

"Kelajak merosi" xalqaro mukofoti uchun tanlovlar 2025 yildan boshlab har yili quyidagi yoʻnalishlarda oʻtkaziladi:

-adabiyot;

-madaniy meros;

-teatr va kino;

-musiqa va raqs;

-tasviriy va amaliy sanʼat;

-moda va dizayn;

-ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar.

Xalqaro mukofotning har bir yoʻnalishi boʻyicha gʻoliblar statuetka, diplom va 10 ming dollar miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Mukofot uchun Madaniyat vazirligi ishchi organ hisoblanadigan kengash tuziladi. Vazirlar Mahkamasiga bir hafta muddatda "Kelajak merosi" xalqaro mukofoti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash topshirildi.

Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirishga va gʻolib deb topilgan chet ellik ishtirokchilarning mamlakatimizga taklif etilishiga koʻmaklashadm, shuningdek, ularga kirish vizalarini, zarur hollarda “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni taʼminlaydi.

Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha xarajatlar 2025 yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi, 2026 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid