"Jetour" boʻyicha chalgʻituvchi reklama joylashtirgan MChJ jarimaga tortildi
Ushbu avtomobil boshqalaridan eng afzali ekani va muddatli toʻlov nol foizligi boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilingan.

"Jetour" reklamasi boʻyicha MChJlardan biriga jarima qoʻllanildi.
“Sultanov Motors” MChJga (“JETOUR” avtomashinasi reklamasida) qonunbuzilish holati boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllanildi.
Raqobat qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan monitoringlar olib borilgan.
Tekshiruvlar natijasida “Sultanov Motors” MChJ faoliyatida reklama qonunchiligi talablariga rioya etilmaslik holati aniqlandi.
Xususan, ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida joylashtirilgan reklamalarda “JETOUR X70” avtomashinasini boshqa avtomobillarga nisbatan eng afzali ekanligi haqida keltirib oʻtilgan hamda muddatli toʻlov uchun 0%” deya amalda mavjud boʻlmagan xizmatlar toʻgʻrisida reklamalar joylashtirganligi maʼlum boʻldi.
Buning natijasida isteʼmolchilarda chalgʻituvchi tasavvur shakllangan va haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar asosida qaror qabul qilish ehtimoli vujudga kelgan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Buxoro viloyati hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “Sultanov Motors” MChJga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli moddalari talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha moliyaviy jarima qoʻllash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan koʻrsatma berildi.