Kam uchraydigan va irsiy kasalliklarga chalingan bolalarni davolash dasturiga salkam 1 trln soʻm ajratiladi
Davolanishi davlat hisobidan qamrab olinadigan kasalliklarning soni 5 tadan 10 taga kengaytiriladi, yosh chegarasi 18 dan 21 ga uzaytiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni orfan kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordamni yaxshilash, farmatsevtika sohasidagi islohotlarning ijrosi hamda yangi loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda irsiy va tugʻma kasalliklar bilan tugʻilishning oldini olish, kam uchraydigan (orfan) kasalliklarga chalingan bolalarga oʻz vaqtida tashxis qoʻyish va davolashga qaratilgan tibbiy hamda ijtimoiy yordam tizimi yoʻlga qoʻyilgan.
Bugungi kunda 5 turdagi orfan va irsiy-genetik kasalliklarga chalingan jami 2174 nafar bola davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan bepul diagnostika, dori vositalari va maxsus shifobaxsh oziq-ovqat bilan taʼminlanib kelinmoqda.
Shu bilan birga, ushbu turdagi kasalliklarning diagnostika qilish sifatining yaxshilanishi natijasida orfan kasalliklarining yangi turlari aniqlanmoqda va davolanishga muhtoj bolalarning soni ortib bormoqda.
Taqdimotda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha ishlab chiqilgan 2026-2030 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida axborot berildi.
Unga koʻra, endilikda davolanishi davlat hisobidan qamrab olinadigan kasalliklarning soni 5 tadan 10 taga kengaytiriladi, yosh chegarasi 18 dan 21 ga uzaytiriladi.
Dasturni amalga oshirish uchun 2026-2030 yillarda jami 961 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.
Davlatimiz rahbari tegishli qarorni imzolab, dasturni tasdiqladi.
Shuningdek, Prezidentimizga farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, “Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasteri sanoat hududida amalga oshirilayotgan loyihalar, sifat va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Tarmoq korxonalari tomonidan qiymati 5 trillion soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi, 172 million dollarlik mahsulotlar eksport qilindi hamda 286 million dollar investitsiya, shundan 257 million dollar xorijiy sarmoyalar oʻzlashtirildi.
Taqdimot davomida import qilinayotgan dorilarning referent narxlarini shakllantirishda turli manipulyatsiyalarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar va takliflar boʻyicha axborot berildi.
Hozirda 7,6 mingta import dori vositasidan 4,9 mingtasi referent mamlakatlarning narx reyestrida mavjud emas.
Taklif etilayotgan chora-tadbirlarga koʻra, 2026 yil 1 yanvardan 2,6 ming turdagi retseptli dorilarning narxi oʻrtacha 40-50 foizga tushishi kutilmoqda.
Taqdimot davomida farmatsevtika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqida ham axborot berildi.
Mazkur elektron tizim ishga tushirilganidan soʻng davlat xaridlarida faqat ishlab chiqarish, yetkazib berish va mahsulot xavfsizligi boʻyicha barcha zarur sertifikatlarga (GMP, ISO:13485 GDP) ega ishtirokchilar qatnasha oladi.
Davlat xaridlari hajmlari hamda tegishli sertifikatlarga ega ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar reyestrlari jamoatchilik uchun ochiq boʻladi. Davlat xaridlari jarayonida mahsulotlarning narxi belgilangan referent narxlaridan yuqori boʻlmasligi ushbu tizimda avtomatik tarzda tekshiriladi.
Davlat xaridlari jarayonida mahsulotlarning narxi belgilangan referent narxlaridan yuqori boʻlmasligini ushbu tizimda avtomatik tarzda tekshiriladi.
Davlatimiz rahbari 2026 yil 1 yanvarga qadar ushbu tizim doirasida davlat tibbiyot muassasalarida dori vositalari va tibbiy jihozlar ehtiyojlarini shakllantirish hamda qoldiqlarni samarali boshqarish boʻyicha maxsus platformani ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimizga, shuningdek, aholini sifatli, xavfsiz va samarador dori vositalari bilan taʼminlash maqsadida dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning yangi tartibi taqdimot qilindi.
Unga koʻra, dori vositalarini texnologiyalar transferi orqali ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilarning quvvatlaridan foydalangan holda ishlab chiqarish va tezlashtirilgan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish imkoni yaratiladi.
“Djenerik” dori vositalarining klinik sinovlarini oʻtkazish va natijalarini baholash xalqaro standartlarga muvofiq amalga oshiriladi hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish muddatlari qisqartiriladi.
Endilikda xavfsizlik klassifikatsiyasi boʻyicha 1-sinfga mansub tibbiy jihozlar laboratoriya sinovlaridan (steril, oʻlchov vositali va invaziv tibbiy jihozlar bundan mustasno) va klinik tadqiqotlardan oʻtkazilmaydi.
Prezident bildirilgan takliflarni maʼqullab, 2025 yil yakuni boʻyicha 166 million dollarlik 32 ta investitsiya loyihasini toʻliq ishga tushirib, 1500 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish, mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmini yanada oshirish, retseptli dorilarning narxlarini tushirish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berdi.