Elektr uchun hisoblangan 1 mlrd soʻmdan oshiq pul isteʼmolchiga qayta hisob-kitob qilinadi
Aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan xoʻjalik yurituvchi subʼekt “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filiali harakatlaridan norozi boʻlib murojaat qilgan.

Elektr energiyasi uchun 1 mlrd soʻmdan ortiq asossiz hisoblangan daromadni isteʼmolchiga qayta hisob-kitob qilish toʻgʻrisida koʻrsatma berildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.
Toshkent shahrida aloqa sohasida faoliyat olib borayotgan xoʻjalik yurituvchi subʼekt “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filiali harakatlaridan norozi boʻlib qoʻmitaga murojaat qilgan.
Olib borilgan oʻrganishlar davomida, hisobga olish uskunasi hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ulangan boʻlishiga qaramay undagi ikkilamchi zanjirlari almashib ulab qoʻyilganligi, mazkur texnik xatolik uchun isteʼmolchiga oxirgi uch yil uchun 1 mlrd soʻmdan ortiq qoʻshimcha toʻlov hisoblanganligi maʼlum boʻlgan.
Texnik xatolik masalasi yangi elektr energiyasidan foydalanish qoidalarida nazarda tutilib, eski tahrirdagi qoidalarda qayd etilmaganligi, shuningdek mazkur hisoblagichga toʻgʻri ulangan subisteʼmolchining hisoblagich koʻrsatkichlari chegirib tashlanmasdan hisoblanganligi aniqlangan.
Maʼlumot uchun, “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning 18-moddasiga asosan ustun mavqega ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subʼektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) isteʼmolchilarning, boshqa xoʻjalik yurituvchi subʼektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan belgilangan narxlardan ortiqcha haq olish ustun mavqeni suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi hamda taqiqlanadi.
Yuqoridagilarga asosan, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va uning “Energiyasavdo” filialiga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qoʻzgʻatilib, ishni koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha isteʼmolchiga asossiz hisoblangan 1 mlrd 97 mln soʻmni qayta-hisob-kitob qilish hamda ushbu qonun buzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik, shuningdek taʼminotchining elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablariga amal qilinganligiga baho berish maqsadida tegishli hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqarilib, koʻrsatma berildi.
Maʼlumot oʻrnida. Maxsus komissiyaning ushbu qarori va koʻrsatmasidan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.