Xitoy rahbari 11 yil deganda ilk bor Janubiy Koreyaga bordi
Si Xitoy va Janubiy Koreyani “ajralmas qoʻshnilar” deb atagan va Pekin bilan muloqot hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qilgan.

Xitoy rahbari Si Szinpin 11 yillik tanaffusdan soʻng ilk bor Janubiy Koreyaga tashrif buyurdi.
Ikki davlat prezidenti oʻrtasidagi uchrashuv taxminan 100 daqiqa davom etdi.
Si Szinpinning Janubiy Koreyaga ushbu tashrifi 11 yildan keyingi ilk marotaba boʻlib oʻtdi. Iyun oyida lavozimga kirishgan Janubiy Koreya prezidenti Li Che Myon bilan ilk uchrashuvini oʻtkazmoqda.
Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol Shimoliy Koreya tahdidlariga qarshi AQSh va Yaponiya bilan mudofaa hamda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashni ustuvor deb bilgan boʻlsa, Li yanada muvozanatli yondashuvni tanlab, AQSh va Xitoy oʻrtasidagi kuchayib borayotgan raqobat sharoitida bir tomonni tanlash borasida ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.
Li uchrashuv boshida “Hududdagi tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini ortiqcha taʼkidlashning hojati yoʻq, chunki biz istiqbolga yoʻnaltirilgan hamkorligimizni rivojlantirish ustida ishlayapmiz,” — deya nutq soʻzladi.
“Janubiy Koreya va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar tashqaridan qaraganda muammosizdek koʻrinsa-da, aslida bu aloqalar moʻtadil yoki tiklandi, deb aytish qiyin,” — dedi Li kunning avvalida.
Uning matbuot xizmati keyinchalik uchrashuv “aloqalarni toʻliq tiklash” uchun tashkil qilingani toʻgʻrisida aytib oʻtdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Si Xitoy va Janubiy Koreyani “ajralmas qoʻshnilar” deb atagan va Pekin bilan muloqot hamda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini maʼlum qilgan.
Iqtisodiy jihatdan, Janubiy Koreyaning savdo aloqalari soʻnggi yillarda sezilarli darajada oʻzgardi. Mamlakat AQSh bilan savdo hajmini oshirayotgan boʻlsa-da, Xitoy bilan savdo oldingidek kuchli emas. Bunga Xitoy kompaniyalarining raqobatbardoshligi ortib, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishda yetakchilikka chiqishi sabab boʻlmoqda.