Kam ahamiyatli qoidabuzarliklar uchun ogohlantirish chorasi qoʻllaniladi
Qoida buzilgani maxsus texnika vositalari orqali qayd etilganda maʼmuriy jazo bir oydan kechiktirmay qoʻllanilishi aniq belgilab qoʻyiladi.

Kam ahamiyatli qoidabuzarliklar uchun ogohlantirish chorasi qoʻllanilishi belgilanmoqda.
Senatning oʻn birinchi yalpi majlisida “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Joriy yilning 8 oyi davomida respublikamizdagi umumiy yoʻl-transport hodisalari 2,4 foizga, tan jarohati bilan bogʻliq holatlar 1,5 foizga, oʻlim bilan bogʻliq holatlar 5,6 foizga, piyodalar ishtirokida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalari soni esa 1,6 foizga kamayishiga erishildi.
Shu bilan birga, maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarimizda maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etishga nisbatan immunitetni shakllantirish, ularni qonunga itoatkor etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar kutilgan natijani bermayapti.
Ayrim xorijiy davlatlarda maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “ogʻzaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi, bunda birinchi marta kam ahamiyatli maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish oʻrniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlarni sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga erishilayotganligi kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olish, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar doirasini belgilash, shuningdek, yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo qoʻllanilishi muddatlarini qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq boʻlgan kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy ogohlantirish jazosi qoʻllanilishini, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan maʼmuriy huquqbuzarliklarning roʻyxatini hamda bunday texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilishi muddatlari aniq belgilanishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Birinchidan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi yangi 171-modda bilan toʻldirilib, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning turi aniq belgilanmoqda.
Ikkinchidan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 241-modda toʻldirilib, maʼmuriy jazo sifatida maʼmuriy ogohlantirish chorasi kiritilmoqda.
Uchinchidan, yoʻl harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllanilishi aniq belgilab qoʻyilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi avtomobillardan foydalanishda aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratilishiga, maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, shuningdek, aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida eʼtirof etildi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.