Oʻzbekistonda oktabr oyida sabzavotlar narxi keskin koʻtarildi
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan pomidor (61 %), bodring (58,2 %), baqlajon (11,3 %), bulgʻor qalampiri (10,6 %), tarvuz (7,0 %) goʻsht va paxta moyi narxi oshishi inflyatsiyaga taʼsir qildi.

Oktabr oyida isteʼmol sektoridagi tovar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,6 % ga oshgan.
Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi. 2025 yilning oktabr oyida isteʼmol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari oʻrtacha 0,6 % ga oshgan.
Yillik isteʼmol narxlari indeksi (INI) 107,8 % ni tashkil etib, oʻtgan yilning shu oyiga (2024 yil oktabr — 110,2 %) nisbatan 2,5 foiz bandga pasaydi.
Oktabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻrtacha 0,9 % ga, nooziq-ovqat tovarlari 0,4 % ga hamda aholiga koʻrsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,3 % ga qimmatlashgani kuzatilgan.
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan pomidor (61 %), bodring (58,2 %), baqlajon (11,3 %), bulgʻor qalampiri (10,6 %), tarvuz (7,0 %), qovun (4,6 %), mandarin (4,2 %), tovuq tuxumi (4,1 %), uzum (3,6 %), banan (2,3 %), mol goʻshti (suyaksiz goʻshtdan tashqari) (1,7 %), quy goʻshti (1,6 %), paxta moyi (1 %), kungaboqar moyi (0,7 %) hamda birinchi navli bugʻdoy uni (0,4 %) narxlarining oshishi inflyatsiyaga asosiy taʼsir koʻrsatdi.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan qimmatbaho metallardan yasalgan nikoh uzuklari (5,2 %), propan (3,3 %), benzin (1,5 %) va sement (1,2 %) narxlarida oʻsish kuzatildi.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida 195 mingga yaqin narxlar qayd etilgan. 420 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 90 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.