Forish tumaniga yangi hokim tayinlandi
Sohib Islomov Agrar universitetidagi yongʻin boʻyicha gumondor sifatida koʻrilgan, ammo keyin aybi isbotlanmagan.

1 noyabr kuni Forish tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiya ishida Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Mustafoyev hamda Prezident maslahatchisi Shuhrat Gʻaniyev ishtirok etdi.
Yigʻilish kun tartibida tashkiliy masala koʻrib chiqildi.
Unda viloyat hokimi Forish tumani hokimi lavozimiga Islomov Sohib Yaxshibekovich nomzodini deputatlarga tavsiya etdi.
Deputatlar tomonidan viloyat hokimining taklifi bir ovozdan maʼqullanib, Islomov Sohib Yaxshibekovich Forish tumani hokimi etib tayinlandi.
Sohib Islomov bugungi kunga qadar “Qishloq xoʻjaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki maxsus sanoat zonasi direksiyasi” masʼuliyati cheklangan jamiyat direktori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Eslatib oʻtamiz, 2024 yilda Agrar universitetida katta yongʻin yuz bergandi. Oʻshanda birinchi prorektor vazifasida ishlagan Islomov yongʻin boʻyicha gumondor sifatida koʻrilgan, ammo keyin aybi isbotlanmagan.