YuNESKO va Oʻzbekiston hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda
YuNESKO bosh direktori oʻrinbosari Stefaniya Jannini Platina.uz’ga bergan intervyusida shu haqda maʼlum qildi.

Oʻzbekistonning kasbiy taʼlim sohasiga yoʻnaltirgan siyosati mamlakatda taʼlimning boshqa yoʻnalishlarida amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan uzviy bogʻliq. Erta bolalik va bolalar parvarishi masalalari boʻyicha markaz loyihasi shular jumlasidan boʻlib, u ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashish borasida mintaqaviy platformaga aylanadi. YuNESKO bosh direktori oʻrinbosari Stefaniya Jannini Samarqandda oʻtayotgan 43-sessiya doirasida bergan intervyusida shu haqda maʼlum qildi.
Shuningdek, YuNESKO vakilining maʼlum qilishicha, 2 yildan soʻng Oʻzbekistonda Texnik va professional taʼlim koʻnikmalarini rivojlantirish boʻyicha Butunjahon konferensiyasi oʻtkaziladi. Ushbu muhim xalqaro forumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda YuNESKO asosiy hamkor boʻladi.
“Bu tadbir nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun muhim ahamiyatga ega boʻladi. Bugungi kunda yoshlarga ishlash va hayotda muvaffaqiyatli boʻlish uchun zarur koʻnikmalarni berish juda muhim”, – dedi Jannini xonim.
Uning taʼkidlashicha, texnik va kasbiy taʼlimga boʻlgan eʼtibor zamonaviy global chaqiriqlar – “yashil iqtisodiyot”ga oʻtish va raqamli texnologiyalar rivoji bilan chambarchas bogʻliq. Bunday dasturlar yoshlarga amaliy koʻnikmalarni egallash, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan sohalarni oʻzlashtirish va tez oʻzgarayotgan dunyoga moslashish imkonini beradi.
“Inson hayotining ilk ming kundagi taraqqiyoti uning butun kelajagini belgilaydi. Oʻzbekiston bu yoʻnalishda juda tez surʼatlar bilan ilgarilayotgani hayratga soladi”, – dedi Jannini xonim.
U shuni ham eslatdiki, mazkur tashabbus Toshkentda ilk marta 2022 yilda boʻlib oʻtgan Butunjahon konferensiyasidan keyin amaliy yoʻlga qoʻyilgan edi.
Shuningdek, u taʼkidlab oʻtdiki, Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari uzluksiz taʼlim tizimini shakllantirishga qaratilgan, yaʼni bolalik davridan tortib oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqichlarni qamrab oladi. Bu jarayonda mamlakatning “Malakalar va darajalarni tan olishga oid xalqaro konvensiya”ga qoʻshilishi ham katta ahamiyat kasb etdi. Bu, oʻz navbatida, talabalar va oʻqituvchilar uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytiradi hamda taʼlim sifatini yanada oshiradi.
Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus