platina.uz
Iqtisod

Uzcard rahbariyati 21 mlrd soʻm mukofot puli oldi

2025 yil yanvar–sentabr oylarida kompaniya xodimlariga jami 155,51 milliard soʻm sarflangan.

Uzcard rahbariyati 21 mlrd soʻm mukofot puli oldi
Foto: AI / Pinkod.uz

Uzcard eʼlon qilgan 2025 yil yanvar–sentabr oylariga oid auditlangan moliyaviy hisobotiga koʻra, kompaniya ushbu davrda xodimlarga jami 155,51 milliard soʻm sarflagan. Bu mablagʻning 101,08 milliard soʻmi oylik maoshlarga, 46,81 milliard soʻmi esa mukofot va bonuslarga toʻgʻri kelgan, deya xabar berdi Pinkod nashri.

Asosiy boshqaruv — bosh direktor, uning oʻrinbosari va kuzatuv kengashi aʼzolari (jami 10 kishi) uchun 21,02 milliard soʻm miqdorida mukofot toʻlangan. Kompaniyaning kuzatuv kengashiga quyidagi shaxslar kiradi:

  • Akilov Akbar Anvarovich — Kuzatuv kengashi raisi;
  • Yusupov Aziz Azamatovich — Kuzatuv kengashi aʼzosi;
  • Akbarov Kamron Anvarovich — Kuzatuv kengashi aʼzosi;
  • Sadikov Ulugʻbek Zaxirovich — Kuzatuv kengashi aʼzosi;
  • Tursunbaev Jasur Ravshanbek oʻgʻli — Kuzatuv kengashi aʼzosi.

Akilov Akbar Anvarovich 2024 yildan beri kompaniyani boshqarib kelayotgan UCMG MChJda 25 foizlik ulushga ega. Kompaniyaning qolgan 75 foiz qismi esa IMC-Capital MChJ xorijiy kompaniyasiga tegishli. IMC-Capital oʻz navbatida boshqa bir xorijiy Berill Holding Company Limited kompaniyasiga qarashli boʻlib, ushbu kompaniya direktori sifatida Aziz Yusupov koʻrsatilgan.

2024 yil 31 dekabr holatida UZCARD aksiyadorlarining ulushi quyidagicha boʻlgan:

  • IMC-Capital MChJ — 75%;
  • Kamron Anvarovich Akbarov — 25%.

Ammo hozirda davlat reyestrida kompaniya aksiyadorlari roʻyxati yopib qoʻyilgan.

2024 yil iyul oyidan kompaniyaning ijro organi vakolatlari UCMG MChJga topshirilgan. Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida boshqaruv kompaniyasiga xizmatlar uchun 42,16 milliard soʻm (oyiga oʻrtacha 4,68 milliard soʻm) toʻlangan. Bu mablagʻlar professional xizmatlar va ofis xarajatlari sifatida hisobga olingan.

Uzcard xarajatlarining katta qismi reklama va mijozlarni jalb qilishga yoʻnaltirilgan boʻlib, ushbu qism boʻyicha sarf-xarajat 123,98 milliard soʻmni tashkil etgan. Shuningdek, asosiy vositalarning eskirish xarajatlari 55,09 milliard soʻmga yetgan.

Kompaniya 2019 yil 3 martdan IT-Park rezidenti hisoblanadi. Ushbu maqom doirasida Uzcard soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanmoqda. Hisobotda qayd etilishicha, IT-PArk’ga ajratmalar 27,08 milliard soʻm, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar esa 22,12 milliard soʻmni tashkil etgan.

Shuningdek, Uzcard bogʻliq shaxslarga bozor stavkalaridan pastroq shartlarda qarzlar ajratgani qayd etilgan. 2025 yil 30 sentabr holatiga koʻra, ushbu operatsiyalar boʻyicha kompaniya 13,41 milliard soʻm miqdorida dastlabki tan olingan zararlarni hisobga olgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid