Oʻzbekiston va Finlyandiya 1 mlrd yevrodan ziyod loyihalar boʻyicha hamkorlik qiladi
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Stubb rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara oʻtkazdi.

Bugun Koʻksaroy qarorgohida rasmiy tashrif bilan kelgan Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtgan.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari koʻtarilib, faxriy qorovul saf tortgan. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qutlab, shohsupaga taklif etgan.
Oʻzbekiston va Finlyandiya yetakchilari faxriy qorovul safi oldidan oʻtib, rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-biriga tanishtirgan.
Tantanali marosim yakunlangach, birgalikda suratga tushilgan va delegatsiyalar ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar boshlangan.
Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Stubb rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara oʻtkazgan. Muzokaralarda:
- tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish;
- oʻzaro mahsulot yetkazib berishni ragʻbatlantirish uchun Savdoni moliyalashtirish qoʻshma jamgʻarmasini tashkil etish;
- Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi va toʻqimachilik mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi bozorlariga olib chiqish uchun sertifikatlash laboratoriyalarini ochish;
- geologiya va muhim materiallar, energetika, agrosanoat, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, ekologiya, turizm va boshqa muhim tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirish;
- 2026 yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish va Ishbilarmonlar kengashini taʼsis etish;
- taʼlim, tibbiyot hamda mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik masalalari koʻrib chiqilgan.
Kelgusi yilda birinchi Rektorlar va innovatsiyalar forumini oʻtkazish rejalashtirilgan. Prezidentlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgan.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston – Finlyandiya biznes forumining yakunida umumiy qiymati 1 milliard yevrodan ziyod istiqbolli qoʻshma loyihalar portfeli shakllantirilgan.