platina.uz
Siyosat

“Biz uchun tinchlik – kundalik hayot orzusi”

Gruziya tashqi ishlar vaziri Samarqanddagi nutqida insoniyat uchun buyuk neʼmat – tinchlikni saqlashdagi fikrlarini bayon qildi.

“Biz uchun tinchlik – kundalik hayot orzusi”

YuNESKOning 43-sessiyasi bu yil insoniyat tamadduni beshigi boʻlgan Samarqand shahrida boʻlib oʻtmoqda. Dunyo mamlakatlarining elchilari, madaniyat va taʼlim sohasidagi yetuk arboblar bu safar bir joyga toʻplanib, maʼrifat va tinchlik haqida soʻz yuritdilar. Ana shunday nufuzli anjumanda Gruziya vakili – ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Maka Bochorishvili ham soʻzga chiqib, madaniyat, meros va tinchlik borasidagi chuqur fikrlari bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bochorishvili xonim oʻz nutqini minnatdorlik bilan boshladi:

“Men Oʻzbekiston Prezidentiga va hukumatiga bu goʻzal shaharda koʻrsatilgan mehmondoʻstligi uchun oʻz minnatdorligimni bildirmoqchiman. Samarqand – turli madaniyatlar va fikrlar uchrashgan tarixiy maskan sifatida doimo yodda qoladi”, – dedi gruzin vakili.

Bu soʻzlar bejiz emas. Samarqand asrlar davomida jahon sivilizatsiyasi yoʻlidagi katta koʻprik boʻlib kelgan. Bu yerda Sharq va Gʻarb, Turon va Kavkaz, Yevropa va Osiyo gʻoyalari uchrashib, yangi maʼnaviy qiymatlar yaratgan.

Gruziya vakili nutqida oʻz xalqi tarixi va madaniyati haqida ham soʻz yuritdi. Uning taʼkidlashicha, Gruziya Yevropa va Osiyo orasidagi geografik joylashuvi bilan nafaqat iqtisodiy aloqalar, balki gʻoyalar, anʼanalar va insonlar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarib kelgan.

“Bizning madaniy merosimiz nafaqat milliylikni, balki xalqimiz qalbidagi xilma-xillik va hamjihatlikni ifodalaydi. Biz yuzlab yillar davomida sharobchilik anʼanalarini saqlab kelganmiz, shuningdek, koʻp ovozli qoʻshiqchilik (polifoniya) sanʼati bilan faxrlanamiz. Ikkalasi ham YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan”, – dedi u.

Gruziyaning bu madaniy merosi – xalq ruhining jonli koʻrinishi. Misol uchun, Gruziya polifoniyasida har bir ovoz mustaqil, ammo barchasi uygʻunlikda. Bu – millatning yagona, bir vaqtda turli fikr va hissiyotlarni birlashtira oladigan ruhini anglatadi.

Shu nuqtada, Gruziya vakili madaniyat va tinchlik oʻrtasidagi chuqur bogʻliqlik haqida ham toʻxtaldi:

“Biz uchun tinchlik – mavhum tushuncha emas, balki kundalik hayot orzusi. Biz urushning narxini, inson munosabatlarining sinuvchanligini yaxshi bilamiz. Hozir ham Gruziyaning ayrim hududlari Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan, u yerdagi odamlar ona tilida taʼlim olish, erkin harakatlanish va oʻz madaniyatini asrab-avaylash imkonidan mahrum”, – deya taʼkidladi u.

Bu gaplar nafaqat Gruziyaning, balki butun dunyoning ogʻrigʻini ifoda etadi. Madaniyatni yoʻqotish – millatning xotirasini yoʻqotish demakdir. Shuning uchun ham YuNESKOning asosiy missiyasi – merosni asrash, madaniyatni siyosiy qurolga aylantirishga yoʻl qoʻymaslik va muloqot orqali yarashuvga erishishdir.

Gruziya taʼlim sohasidagi islohotlari haqida ham maʼlum qildi. U 2025 yildan boshlab oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, ilmiy tadqiqot bilan oʻquv jarayonini yaqinlashtirish va universitetlarni innovatsiya hamda ijtimoiy taraqqiyot markaziga aylantirishga kirishganini taʼkidladi. Bu YuNESKOning “Taʼlim – 2030” dasturi bilan hamohang maqsaddir.

Gruziya vakili nutqini quyidagi soʻzlar bilan yakunladi:

“Biz YuNESKOning tinchlik, hamjihatlik va hamkorlik tamoyillariga sodiqmiz. Tinchlik – bu insoniyatning eng oliy qadriyati, uning asosi esa taʼlim va madaniyatdir.”

Darhaqiqat, YuNESKOning Samarqandda oʻtayotgan 43-sessiyasi xalqaro hamkorlik ramzi, balki insoniyat madaniyatining yagona ildizlarga egaligini, har qanday xalqning tarix sahnasida qolishi uning madaniyati va tilini saqlab qolish bilan chambarchas bogʻliq ekanini yana bir bora yodga soladi. Gruziya vakilining nutqi bizga shundan darak beradiki, madaniyat va taʼlimni muhofaza qilish – bu ayni bir millatning emas, balki butun insoniyatning muqaddas burchidir.

Samarqand koʻp asrlar davomida ilmu maʼrifat markazi boʻlib kelgan. Endi bu boqiy shahar bugun ham jahon xalqlarini tinchlik, hurmat va hamjihatlik ruhida birlashtirishda davom etmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid