1 noyabrdan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha mexanizmlar ishga tushadi. Malakasini oshirish yoki qoʻshimcha kasb egallashni istagan shaxslarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun "kasbiy vaucher" berish boshlanadi.

2025 yil 1 noyabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar taqdim etildi.
Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
Qoʻshimcha mexanizmlar joriy etilmoqda, jumladan:
-ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi loyihalarga banklar orqali milliy va xorijiy valyutada 10 milliard soʻmgacha kreditlar ajratish uchun mablagʻlarni joylashtirish;
-kichik tadbirkorlik subʼektlarining ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish va "yashil" iqtisodiyot yoʻnalishidagi mikroloyihalari uchun banklar tomonidan ajratilgan 500 million soʻmgacha boʻlgan kreditlarni quyidagi shartlarda qayta moliyalashtirish:
– ajratilgan kredit foiz stavkasini 6 foizgacha, biroq Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz bandgacha yuqori boʻlgan stavkada pasaytirish;
– kamida 1 yil faoliyat yuritayotgan va 2 nafar xodimi mavjud boʻlgan tadbirkorlik subʼektlarining 5 va undan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga taqdim etish.
Aholini roʻyxatga olish boshlanadi
Aholining ayrim toifalarini roʻyxatga olishni Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, DXX, Tashqi ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Din ishlari qoʻmitasi amalga oshira boshlaydi.
Davlat xizmatlari –mobil ilovalar orqali
Mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari YaIDXPdagi pullik elektron davlat xizmatlarini mobil ilovalar orqali kiberxavfsizlik talablariga rioya qilgan holda koʻrsata boshlaydi.
Davlat xizmatlari koʻrsatish takomillashtirilmoqda
Jismoniy shaxslarning shaxsiy maʼlumotlari YaIDXPga real vaqt rejimida ularning shaxsiy kabineti orqali taqdim etiladi va qogʻoz shakliga tenglashtiriladi. Shuningdek:
jismoniy shaxslarni Yagona identifikatsiyalash tizimida (OnelD) muqobil shaklda roʻyxatdan oʻtkazishda shaxsni biometrik identifikatsiyalash (Face ID) tartibi joriy etiladi;
davlat xizmatlari markazlariga YaIDXP orqali joriy etilgan barcha davlat xizmatlari boʻyicha aholi va tadbirkorlik subʼektlariga xizmat koʻrsatish huquqi beriladi.
Korporativ nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish va sudlar yukini kamaytirish maqsadida Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika boʻyicha komissiya tashkil etiladi.
Universal raqamli platformalar yaratilmoqda, ular orqali quyidagilar amalga oshiriladi:
YaTT va oʻzini oʻzi band qilganlarni masofaviy biometriya orqali roʻyxatdan oʻtkazish;
hujjatlarni elektron raqamli imzosiz (ERI) imzolash;
Xoʻjalik yurituvchi subʼektlar faqat nogironligi boʻlgan shaxslar, oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslar, Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila aʼzolari, muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetimlar, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan shaxslar uchun ish oʻrinlarining majburiy zaxirasini shakllantirishlari shart. Bunda majburiy zaxira:
– xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi kerak;
– xodimlar soni 100 kishidan ortiq boʻlgan tashkilotlarga nisbatan qoʻllaniladi.
Qoʻshimcha taʼlim uchun vaucherlar
Malakasini oshirish yoki qoʻshimcha kasb egallashni istagan shaxslarga qoʻshimcha taʼlim olish uchun "kasbiy vaucher" berish boshlandi.
Vaucher kredit sifatida taqdim etiladi. Shaxs oʻqishni tugatgach, sertifikat olgach va ishga joylashgach, olingan kreditni (nogironligi boʻlgan shaxslar va Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalar aʼzolaridan tashqari) ikki yil ichida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga qaytaradi.
2025 yil paxta hosilidan boshlab xoʻjaliklar va qayta ishlovchilar oʻrtasida fyuchers shartnomalari kalendar yilning 1 noyabridan keyingi yilning 1 iyunigacha birjada erkin shakllangan, ammo eʼlon qilingan boshlangʻich narxdan past boʻlmagan narxda tuziladi.