platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev UNESCO bosh direktorini “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi

Oʻzbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. 

Shavkat Mirziyoyev UNESCO bosh direktorini “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (UNESCO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

Oʻzbekiston bilan BMTning ushbu nufuzli instituti oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Suhbat avvalida Odri Azule davlatimiz rahbarini tarixiy voqea – tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi soʻnggi 40 yilda ilk bor UNESCO`ning Parij shahridagi bosh qarorgohi tashqarisida oʻtkazilayotgani bilan samimiy tabrikladi.

Oʻzbekistonning konferensiyani yuksak saviyada tashkil etish, shuningdek, uni amaliy ahamiyatga ega tadbirlar bilan boyitish borasidagi keng koʻlamli ishlariga ijobiy baho berildi.

Xususan, UNESCO`ning Maktabgacha taʼlim boʻyicha mintaqaviy markazi ishga tushiriladi, Beruniy mukofoti gʻoliblarini taqdirlash marosimi, Samarqand shahrining 3000 yilligi munosabati bilan maxsus tadbir, shuningdek, muzeylar, sunʼiy intellekt, gender mavzulari boʻyicha forumlar va boshqa koʻplab tadbirlar oʻtkaziladi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston va UNESCO oʻrtasidagi hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Birgalikda bolalar taʼlimi boʻyicha butunjahon konferensiyasi oʻtkazildi, Parijda Beruniyning 1050 yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot taʼsis etildi.

Oʻzbekistonning tashabbusi bilan UNESCOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus roʻyxatlariga Oʻzbekistonning bir qator yangi obʼektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.

UNESCO bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish, ustuvor yoʻnalishlarda yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Prezidenti fan, taʼlim va madaniyat sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari hamda xalqimizning boy madaniy merosini keng ommalashtirishga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun Odri Azule xonimga davlatimizning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordenini topshirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid