platina.uz
Siyosat

“Samarqand ruhi”: qayta jonlanayotgan tamaddun beshigi

Samarqanddagi YuNESKO Bosh konferensiyasi ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi. Platina.uz voqea joyidan turib reportaj tayyorladi.

“Samarqand ruhi”: qayta jonlanayotgan tamaddun beshigi

Bugun insoniyat yangi tarixiy palla ostonasida turibdi. Texnologik inqiloblar, geosiyosiy beqarorlik, ekologik tahdidlar va madaniy oʻzlik muammolari ham yanada oʻtkirlashgan. Ana shunday murakkab global vaziyatda Samarqandda boʻlib oʻtgan YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi nafaqat tashkilot, balki butun insoniyatning maʼnaviy va madaniy muloqoti tarixida yangi sahifa ochdi.

Samarqand – shunchaki qadimiy shahar emas. U insoniyat tamadduni uchun ramziy makon – Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan, ilm-fan, din va madaniyat uygʻunlashgan markaz. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 43-sessiya ochilishi marosimidagi nutqi ana shu ruhiy merosni jonlantirdi, uni yangi zamon talablari bilan uygʻun holda talqin etdi. Samarqanddagi forum – bu nafaqat tarixiy voqea, balki Yangi Oʻzbekistonning global gumanitar siyosatdagi yangi sifat bosqichiga qadam qoʻyganidan dalolat, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

YuNESKO va Yangi Oʻzbekiston: hamkorlikning yangi bosqichi

Prezident Mirziyoyevning soʻzlarida alohida urgʻu berilganidek, YuNESKO singari nufuzli tashkilotning Bosh konferensiyasi majlisi soʻnggi 40 yil ichida ilk marta Parijdan tashqarida oʻtkazilmoqda. Bu qarorning oʻziyoq xalqaro hamjamiyatning Oʻzbekistondagi yangilanish jarayonlariga, davlatning ochiqlik va islohotlar siyosatiga boʻlgan yuksak ishonchini namoyon etadi.

Soʻnggi sakkiz yil ichida Oʻzbekiston va YuNESKO oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. 2027 yilgacha moʻljallangan besh yillik hamkorlik dasturi doirasida taʼlim, fan, madaniyat, gender tengligi va axborot sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar Oʻzbekistonning xalqaro gumanitar hamkorlikda faol, tashabbuskor davlat sifatidagi nufuzini mustahkamladi.

YuNESKO Bosh direktori Odri Azule ham oʻz nutqida Oʻzbekistonning faol diplomatiyasi va madaniy merosni asrab-avaylashdagi tashabbuslarini, ayniqsa mamlakat prezidentining bu jarayonlardagi yetakchi rolini yuqori baholadi. Bu yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi “insonparvarlik diplomatiyasi” konsepsiyasining amaliy ifodasi boʻldi.

Taʼlim va innovatsiyalar: sunʼiy intellekt davrida inklyuziv rivojlanish

Prezident Mirziyoyevning nutqidagi muhim tezislardan biri – taʼlim sohasida inklyuzivlik va yangi texnologiyalarni joriy etish masalasi boʻldi. Bu mavzu jahonda dolzarb muammolardan biriga aylangan. Sunʼiy intellekt texnologiyalari taʼlim tizimini tubdan oʻzgartirmoqda, lekin ayni paytda bilim va imkoniyatlar tengsizligini ham chuqurlashtirmoqda.

Shu bois Oʻzbekiston yetakchisining “Sunʼiy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirish tashabbusini ilgari surgani alohida ahamiyatga molik. Mazkur loyiha nafaqat milliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilishga, balki YuNESKO doirasida yangi xalqaro platforma – inklyuziv taʼlimning intellektual modelini yaratishga ham hissa qoʻshishi mumkin.

Prezident tomonidan ilgari surilgan “Jahon professional taʼlim sammiti” gʻoyasi esa mamlakatni xalqaro bilimlar ayirboshlash markaziga aylantirish yoʻlidagi strategik qadam sifatida koʻrilmoqda. Bu tashabbuslar Yangi Oʻzbekistonni ilgʻor taʼlim va innovatsiyalar global tarmogʻining faol ishtirokchisiga aylantirishi shubhasiz.

Madaniy meros va sivilizatsiyalararo muloqot: “Samarqand ruhi” konsepsiyasi

Prezident nutqining markaziy gʻoyalaridan biri – madaniy merosni muhofaza qilish va uni insoniyat umumiy mulki sifatida qayta kashf etish zaruriyatidir. Bu jihatdan Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi yutuqlari juda muhim: Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shaharlarining Butunjahon merosi roʻyxatidagi mavqei mustahkamlandi; Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi boʻylab joylashgan yangi obidalar ham ushbu roʻyxatga kiritildi.

Bu jarayon faqat arxitektura yodgorliklarini saqlash emas, balki “madaniy diplomatiya”ning yangi bosqichidir. Samarqand, bu maʼnoda, “tamaddunlararo muloqot laboratoriyasi” sifatida namoyon boʻlmoqda. YuNESKOning nomoddiy meros dasturlari doirasida “Shoshmaqom”, “Lazgi”, “Navroʻz”, kulolchilik va naqqoshlik kabi anʼanalarning xalqaro eʼtirofi madaniy xilma-xillikni saqlashdagi muvaffaqiyatli modeldir.

Prezident Mirziyoyev taklif etgan “Hujjatli meros xalqaro kuni”ni taʼsis etish va “Raqamli meros instituti”ni tashkil etish gʻoyalari esa jahon madaniy xotirasini raqamlashtirishning strategik yoʻnalishi sifatida global ahamiyat kasb etadi.

Gender tenglik, axborot xavfsizligi va ekologiya: XXI asrning global chaqiriqlari

Nutqdagi yana bir muhim qirra – gender siyosatining gumanitar diplomatiya bilan bogʻliq. Prezident mamlakat xotin-qizlarining taʼlim, fan va sanʼat sohasida yetakchilik salohiyatini rivojlantirish uchun “YuNESKO Xotin-qizlar akademiyasi”ni tashkil etishni taklif qildi. Taʼkidlash kerak, bu tashabbus faqat Oʻzbekiston uchun emas, balki jahon hamjamiyati uchun ham dolzarbdir, chunki gender tengligi muammosi hali toʻliq hal etilmagan global masaladir.

Zero, YuNESKO statistika instituti maʼlumotlariga koʻra, jahonda ilmiy va madaniy muassasalar rahbarlarining 25 foizi, taʼlim sohasi boshqaruvchilarining 30 foizi, tadqiqotchilarning 33 foizi xotin-qizlardir. Bu esa ayollar huquqlarini taʼminlashda, afsuski, tengsizlik hamon saqlanib qolayotganini tasdiqlaydi.

Vaholanki, gender tengligi YuNESKOning fundamental, ustuvor vazifalaridan biri boʻlib, Tashkilotning barcha tashabbuslari unga integratsiya qilinishi zarurligi belgilab qoʻyilgan.

Prezident nutqidagi yana bir daqiq jihat – axborot makonidagi xatarlar va manipulyatsiyalar haqidagi ogohlantirishlardan iborat. YuNESKO doirasida “Media savodxonlik strategiyasi”ni ishlab chiqish taklifi – raqamli dunyoda fikr mustaqilligini muhofaza qilish sari tashlangan muhim qadamdir.

Shu bilan birga, prezident iqlim oʻzgarishi va madaniy merosni asrash oʻrtasidagi bogʻliqlikka alohida eʼtibor qaratdi. “YuNESKOning Ekologik poytaxti” tashabbusi va Xivada xalqaro simpozium oʻtkazish taklifi global ekologik diplomatiyada yangi paradigma sifatida baholanishi shubhasiz.

Oʻzbekiston tashabbuslari: mintaqaviy barqarorlik va jahon hamjihatligi sari

Oʻzbekistonning soʻnggi yillarda ilgari surgan tashabbuslari – “Xiva jarayoni”, “Toshkent deklaratsiyasi”, maktabgacha taʼlim boʻyicha mintaqaviy markaz, YuNESKO mukofoti – bularning barchasi mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlab, Markaziy Osiyoning insonparvar integratsiya markaziga aylanishiga xizmat qilmoqda.

Bu jarayonda “Samarqand ruhi” atamasi ramziy shiorga aylandi. U nafaqat ilmiy va madaniy muloqotni, balki ishonch, hamjihatlik va tinchlik madaniyatini anglatmoqda. Bu ruh – YuNESKO missiyasiga uygʻun, chunki u insonni diqqat markaziga qoʻyadi, ilm, madaniyat va taʼlimni barqaror rivojlanishning asosiy ustuni sifatida koʻradi.

“Samarqand ruhi” – insoniyat taraqqiyotining yangi mezoni

Samarqandda oʻtkazilayotgan YuNESKO anjumani nafaqat Oʻzbekiston diplomatiyasi va siyosiy-madaniy hayoti, balki jahon madaniy diplomatiyasi tarixidan ham munosib ibrat olishga arziydigan hodisa. U nafaqat Oʻzbekistonning xalqaro imijini yuksaltiradi, balki jahon gumanitar siyosatini yangi mazmun bilan boyitadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra manifest xarakteriga ega: u XXI asr uchun yangi gumanistik yoʻl xaritasini taklif etdi. Bu xarita uch tamoyilga asoslanadi: insonparvarlik, bilim va hamjihatlik.

“Samarqand ruhi” degan tushuncha endi faqat joʻgʻrofiy emas, balki maʼnaviy tasnifga aylandi. U insonni ilm, madaniyat va axloqning markaziga qoʻyadigan tamaddun tamoyilining yangi shakli sifatida muomalaga kirmoqda.

Shu maʼnoda, YuNESKOning Samarqanddagi 43-sessiyasi insoniyatni yangi bosqichga – maʼrifat va hamjihatlik davriga chorlamoqda. Prezident oʻz nutqida taʼkidlaganidek, YuNESKOning boqiy anʼana va qadriyatlaridan kuch olayotgan “Samarqand ruhi” bizni umumiy taraqqiyot sari birlashishga undamoqda

Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid