Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga bordi
Davlat rahbari Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi, Birinchi Prezident Islom Karimov maqbarasiga gul qoʻydi. Slovakiya prezidenti bilan muzokaralar ham oʻtkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev UNESCO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etish uchun 30 oktabr kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Ezgu anʼanaga muvofiq, avvalo, Imom Buxoriy maqbarasi ziyorat qilindi. Qurʼon tilovat etilib, duo oʻqildi.
Prezidentimiz majmuadagi soʻnggi pardozlash ishlari, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish jarayonlari bilan tanishdi.
Davlat rahbarining tashabbusi bilan mazkur majmua buyuk muhaddis bobomizning islom olamida tutgan yuksak mavqeyi, ulkan salohiyatiga munosib tarzda qaytadan bunyod etildi. Ziyoratchilarga har tomonlama qulay sharoit yaratildi.
Majmua hududi kengaytirilib, ayni paytda uning umumiy maydoni 44 gektarga yetdi. Moʻtabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va maʼmuriyat binosi, muzey, kirish va chiqish ayvonlari qurib bitkazilgan. Ziyoratgohning 4 burchagidagi 75 metrlik minoralar unga mahobat bagʻishlagan.
Davlatimiz rahbari yangi masjiddagi bunyodkorlikni koʻzdan kechirdi.

Prezidentimiz har gal Samarqandga kelganida majmuaning qurilishi jarayoni bilan tanishib, bu joy faqat ziyorat emas, ilm-maʼrifat, tarbiya va ibrat maskani boʻlishi, Imom Buxoriyning buyuk izlanishlari, bilimi hamda kamoloti ziyoratchilar, ayniqsa, yoshlar uchun ezgu namuna boʻlishi kerakligini taʼkidlagandi.
Shu maqsadda yangi majmuada innovatsion muzey ham tashkil etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya eʼtirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom maʼrifati rivojiga qoʻshgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qurʼoni karimda ismlari zikr qilingan 25 ta paygʻambar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi maʼlumotlar joylashtirilgan.
Ziyoratgoh atrofida mehmonxona va boshqa xizmat koʻrsatish binolarida ham qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan. Bitta toʻrt yulduzli, ikkita uch yulduzli va 22 ta oilaviy uy mehmonxonalari tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari mamjua faoliyatini sifatli tashkil etish, odamlarga qulayliklarni kengaytirish, yashil maydonlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Davlat rahbari Samarqandga tashrifi chogʻida Hazrati Hizr majmuasida ham boʻlib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qoʻydi.
Qurʼon oyatlari tilovat etilib, duo oʻqildi.

30 oktabr kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini muzokara oʻtkazdilar.
Oʻzbekiston bilan Slovakiya oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlari koʻrib chiqildi.

Barcha darajalarda ikki tomonlama almashinuvlar ijobiy surʼat bilan davom etayotgani, shuningdek, ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yilda siyosiy maslahatlashuvlar va Hukumatlararo komissiyaning birinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ishbilarmonlik aloqalari faollashdi. Qoʻshma korxonalar soni uch barobar koʻpaydi.
Tovar ayirboshlash va investitsiyalarning hajmini oshirish, shuningdek, muhim tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi loyihalarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekistondan toʻqimachilik, charm, meva-sabzavot va boshqa xaridorgir mahsulotlar, Slovakiyadan kauchuk, avtomobillar uchun butlovchi qismlar, farmatsevtika va boshqa sanoat tovarlari yetkazib berishni koʻpaytirishga kelishib olindi. Shu maqsadda milliy mahsulotlar koʻrgazmalarini oʻtkazish, savdo uylarini ochish rejalashtirilgan.
Raqamlashtirishni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Banklarning kiberxavfsizlik monitoringini yuritish va yuk tashishlarni kuzatishning ilgʻor tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshma markaz tashkil qilish masalasini ishlab chiqish taklif qilindi.
Slovakiya biznesi bilan avtomobil butlovchi qismlar, tayyor sut mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorlik bildirildi.
Gumanitar va taʼlim almashinuvlarini faollashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi. 2026 yilda Bratislava shahrida ikki mamlakat rektorlarining birinchi forumini oʻtkazish, turizm koʻrgazmalari va oʻzaro Turizm kunlarini tashkil etish taklif qilindi. Tartibli mehnat migratsiyasini yoʻlga qoʻyish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Koʻp tomonlama maydonlarda oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.