YuNESKO bosh direktori Samarqandga keldi
2017 yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan Odri Azule uchun mazkur sessiya oxirgisi boʻladi.

YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida ishtirok etish uchun tashkilot Bosh direktori Odri Azule xonim va konferensiya ishtirokchilari ilk “Parij – Samarqand” charter reysi bilan bugun tongda Samarqand shahriga keldi.
Yuqori martabali mehmonni Oʻzbekiston hukumati va viloyat hokimligi masʼullari kutib oldi.
2017 yildan buyon tashkilotga rahbarlik qilib kelayotgan Odri Azule uchun mazkur sessiya uning YuNESKO Bosh direktori sifatida qatnashgan soʻnggi sessiyasi boʻladi.
Samarqandda YuNESKOning yangi bosh direktori rasman ishga kirishadi. Bu vazifaga yaqinda tashkilot Ijroiya qoʻmitasining 222-sessiyasida oʻtkazilgan saylovda gʻolib chiqqan misrlik 54 yoshli Xalid Al-Ananiy tasdiqlanadi.
Maʼlumot uchun, YuNESKO (Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti) 1945-yilda Ikkinchi jahon urushi yakunlaridan soʻng tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi taʼlim, madaniyat va ilm-fan orqali tinchlik va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Oʻzbekiston 1993 yilda YuNESKOga aʼzo boʻlgan. Shu vaqtdan buyon mamlakatdagi qator tarixiy yodgorliklar — jumladan, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz tarixiy markazlari — YuNESKOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Shu jihatdan, Samarqandda YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻtkazilayotgani ramziy ahamiyatga ega: bu qadimiy shahar tarixan ilm-fan, madaniyat va sivilizatsiyalar chorrahasi sifatida mashhur.
Eslatib oʻtamiz, YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi soʻnggi qirq yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida — 30-oktabr – 13 noyabr kunlari Samarqandda boʻlib oʻtmoqda.
Yana bir yubiley sana – bu yil Birlashgan Millatlar tashkilotining tuzilganiga 80 yil toʻladi.
2025 yil — Ikkinchi jahon urushi yakunlanganiga va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil etilganiga 80 yil toʻlgan yil — insoniyat tarixining butun makon-zamon kontinumni bogʻlab turadigan, jahon tarixi muammolarining barchasini yangitdan dolzarb etadigan “tugunli nuqta”si hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti rasman 1945 yil 24 oktabrdan boshlab faoliyat yuritadi. Shu kuni Tashkilot Nizomi Buyuk Britaniya, Xitoy, Sovet Ittifoqi, Qoʻshma Shtatlar, Fransiya va uni imzolagan koʻplab boshqa davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan edi.
Joriy yil 9 sentabr kuni esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi oʻtkazilgan edi.