Yoshlar forumi samarali yakunlandi – Kseniya Lanets
Har bir mamlakat delegatsiyasi ishchi guruhlar tarkibida faol qatnashdi, takliflar kiritdi va yakuniy hujjatni taqqoslab, Bosh Assambleyada taqdim etishga tayyorladi.

Samarqand shahrida jahonning yetakchi yoshlarini birlashtirgan xalqaro tadbir – YuNESKOning 14-yoshlar forumi oʻz ishini yakunladi. 27-28 oktabr kunlari Samarqand shahrida, YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi arafasida oʻtkazilgan ushbu forumda yoshlarning iqlim muammolarini hal etishdagi ishtiroki va barqaror rivojlanish gʻoyalari muhokama qilindi.
Ikki kunlik forumda ishtirok etgan ilgʻor yoshlar vakili, Belarus YuNESKO klublari assotsiatsiyasi aʼzosi Kseniya Lanets ikki kun davomida ushbu forum ahamiyatini taʼkidlab, oʻzining global iqlim oʻzgarishlari masalasiga munosabati qanday shakllangani haqida gapirib berdi:
“Bu anjuman ishtirokchisiga aylanishim tarixi juda qiziq boʻldi. Men bu yerga Belarus YuNESKO klublari assotsiatsiyasidan vakil boʻlib kelganman. Ammo soʻnggi toʻrt yil davomida Moskvada yashab, oʻqiganman, shunga qaramasdan, uyushma bilan yaxshi munosabatlarim saqlanib qolgan edi. Shu vaqt mobaynida turli iqlim konferensiyalarida faol ishtirok etganman.
Masalan, turli banklarda ekologik siyosat masalalarini tadqiq qilganman. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti modellarida ham qatnashganman – chunki ular Bosh konferensiyaga tayyorgarlik vazifasini bajaradi.
Bir kuni assotsiatsiyamizga rasmiy xat keldi – unda delegatlar shunday forumda qatnashishlari mumkinligi haqida maʼlum qilingan edi.
Men oʻz rezyume va portfoliomni yuborishga qaror qildim, natijada meni mamlakatimiz tashqi ishlar vazirligi maʼqulladi. Keyin esa forumning tashkilot qoʻmitasi tomonidan rasman tasdiqlandim.”

Kseniya Lanetsning aytishicha, uning tashabbuslari hamda Belarus yoshlari eʼtiborini ekologik muammolarga qaratish va ularni amaliy harakatlarga undash qobiliyati YuNESKO tanlov hayʼatida qiziqish uygʻotgan:
“Aslida biz umumiy hujjat – mavjud muammolarni qamrab oladigan deklaratsiya tayyorlaymiz. Yaʼni iqlim siyosati boʻyicha umumiy tavsiyalar ishlab chiqamiz. Men asosan yoshlar bilan taʼlim va treninglar sohasida ishlayman.
Shuning uchun men ishlab chiqqan tavsiyalar, asosan, iqlim taʼlimi sohasini takomillashtirish va oʻsmirlar hamda yoshlarni bu mavzularga jalb etishga qaratilgan edi.
Hammaslaklarim tomonidan juda qiziq takliflar oʻrtaga tashlandi. Masalan, bir qiz qoʻziqorinlarni oʻrganadi, ularni mikroskop orqali tahlil qiladi. U oʻz nuqtai nazari, masalaning biologik jihatlari haqida soʻzlab berganida koʻpchilik yoshlarda qiziqish uygʻotdi.
Boshqa bir yigit kimyogar boʻlib, u iqlim jarayonlarining sanoatga bogʻliq jihati bilan shugʻullanadi. Shu bois, u muammoning texnik xususiyatlari yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shu tariqa, biz – turli tajriba va bilimga ega boʻlgan yoshlar birlashib, har bir tomonning qarashi va voqelikni haqqoniy aks ettiruvchi, eng toʻliq hujjatni yaratishga harakat qildik.”
Belarus yoshlari vakilining faxrlanib aytishicha, u ishlab chiqilgan loyihalar iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq global jarayonlarga ijobiy taʼsir koʻrsatishi mumkin:
“Bizning gʻoyalarimiz Bosh Assambleyaning asosiy forumi doirasida eshitilishiga katta umid qilgan edik. Albatta, barcha taklif va tuzatishlarni bir zumda global hujjatlarga kiritishning iloji yoʻq – barcha sohalarni bir vaqtning oʻzida qamrab olish ham mumkin emas.
Lekin ishonamizki, biz tayyorlagan umumiy tavsiyalar ularni oʻqib chiqadigan, ehtimol, tinglaydigan odamlar uchun oʻziga xos ogohlantiruvchi “qoʻngʻiroq” boʻladi. Yoki, ehtimol, oʻzaro muloqotimiz uchun ham foydali boʻladi, chunki biz bir-birimiz bilan gʻoyalarimiz, tajribamiz, bilim fondimiz bilan oʻzaro oʻrtoqlashyapmiz. Shu jarayonda, balki kimdir boshqa davlatdagi muammolar bilan bogʻliq yangi loyiha haqida oʻylanib qolishi mumkin.
Shu jihatdan olganda, forumning asosiy maqsadi – faqatgina bizga global darajada gapirish imkonini berish emas, balki biz oʻzaro muloqot qilishimiz, tajriba almashishimiz va, ehtimol, bir-birimizga yordam berishimiz hamdir.
Shuning uchun ham dasturimizda umumiy yigʻilishlar koʻp emas. Chunki tayyorgarlik ishlarini ancha oldin – avgust oyidan boshlaganmiz. Shu vaqt davomida iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq turli yoʻnalishlarda ish olib bordik. Masalan, meni juda hayratga solgan mavzulardan biri – iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq ruhiy sogʻliq muammosi edi.
Yaʼni, odamlar iqlim muammolari tufayli haqiqatan ham ruhiy xavotir his qiladi, bu muammolar ularning ruhiy holatiga taʼsir koʻrsatadi. Men kabi Belarus vakili uchun bu bir oz gʻalati tuyuldi, chunki bizda iqlim boʻyicha barqaror rivojlanish maqsadlarining koʻpchiligi amalga oshirilgan yoki ijobiy yoʻnalishda rivojlanmoqda. Ammo, ehtimol, rivojlangan mintaqalardagi oʻzgarishlar kimlarnidir tafakkur va amaliy harakatlarga choralashidan umid qilaman”.
Alohida taʼkidlash joiz, Kseniya Lanets kabi yuzlab yetakchi yoshlar ishtirok etgan Samarqand forumida yoshlar nafaqat fikr almashdi, balki aniq amaliy takliflar ham ishlab chiqishdi. Forumning soʻnggi kuni yakuniy deklaratsiyani muhokama qilish va unga oʻzgartirishlar kiritishga bagʻishlandi. Har bir mamlakat delegatsiyasi ishchi guruhlar tarkibida faol qatnashdi, takliflar kiritdi va yakuniy hujjatni taqqoslab, Bosh Assambleyada taqdim etishga tayyorladi.
Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus