platina.uz
Jamiyat

Samarqandda YuNESKO Milliy komissiyalarining 12-yigʻilishi boshlandi

Unda Falastin vakili 3 yildan beri Isroilning Gʻazo sektoriga aviazarbalar berishi oqibatida koʻplab tarixiy-madaniy obʼektlarga tuzatib boʻlmas zarar yetkazilganini taʼkidladi.

Samarqandda YuNESKO Milliy komissiyalarining 12-yigʻilishi boshlandi

Samarqand shahridagi Xalqaro turizm markazida YuNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyalarning 12-yigʻilishi oʻz ishini boshladi. YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi arafasida tashkil etilgan mazkur tadbirni YuNESKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy komissiyasi raisi Gayane Umerova ochib berdi va yigʻilish raisi etib saylandi.

Umerova oʻz nutqida kun tartibi mazmunan juda boy ekanini, unda YuNESKO faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari – yoshlar siyosati, barqaror rivojlanish, inklyuzivlik, madaniyatlararo muloqot va davlatlar hamkorligi kabi muhim masalalar qamrab olinganini taʼkidladi.

Gayane Umerova taʼkidlaganidek, raqamli davrda Ipak yoʻlining madaniy merosini asrab-avaylash va undan samarali foydalanish, barqaror turizmni rivojlantirish hamda mahalliy hamjamiyatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

“Ipak yoʻli sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqotning yorqin namunasi boʻlib, tez surʼatlarda raqamlashayotgan dunyoda madaniy almashinuv tinchlik, oʻzaro anglashuv va umumiy farovonlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi”, – dedi yigʻilish raisi.

Uning soʻzlariga koʻra, milliy komissiyalar uchun bu jarayon – madaniy merosni taʼlim, ilmiy innovatsiyalar, ijod va zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtiruvchi yangi yondashuvlarni ilgari surish imkonini yaratadi. Bu orqali jamoalar, ayniqsa yoshlar va mahalliy faollar oʻz madaniy resurslarining ham saqlovchisi, ham foydalanuvchisi sifatida faol ishtirok eta oladi.

Yigʻilishda YuNESKO aʼzo-davlatlarining vakillari soʻzga chiqib, mavjud muammolar, jumladan, madaniy obʼektlarga yetkazilayotgan zarar va uni bartaraf etish borasida oʻz taklif-mulohazalarini oʻrtaga tashladi. Masalan, Falastin vakili 3 yildan beri Isroilning Gʻazo sektoriga aviazarbalar berishi oqibatida koʻplab tarixiy-madaniy obʼektlarga tuzatib boʻlmas zarar yetkazilganini taʼkidladi. Bu borada YuNESKOdan tegishli munosabat va amaliy qadamlar kutishini bildirdi.

Yigʻilish qatnashchilari, shuningdek, davlatlar, fuqarolik jamiyati va xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yoshlar siyosati va barqaror rivojlanish sohalarida yangi strategiyalarni ishlab chiqish, shuningdek, madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirishga oid takliflarni muhokama qilmoqda.

Qolaversa, yoshlarning innovatsion salohiyatini oshirish, madaniy merosni raqamlashtirish va taʼlim sohasida ilgʻor tajribalarni joriy etish masalalari ham yigʻilish kun tartibidan oʻrin olgan.

Samarqanddagi mazkur tadbir YuNESKO Bosh konferensiyasi oldidan muhim tayyorgarlik bosqichi boʻlib, uning yakuniy hujjatlari va tavsiyalari keyingi kunlarda bosh sessiya muhokamalarida asosiy yoʻnalishlardan biriga aylanishi kutilmoqda.

Abulfayz Sayidasqarov
Samarqanddan maxsus

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid